Uchiga chiqqan safsatabozlik va qip-qizil yolg‘onning o‘zginasi – UzAutoMotors Kusherboyevga javob qaytardi
Jamiyat
−
06 avgust 2020
59300Avvalroq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining UzAutoMotors AJning narx belgilashi bo‘yicha boshlangan tekshiruvlarda kompaniya xatti-harakatlarida qonunbuzilish alomatlari aniqlangani haqida xabar bergandi.
UzAutoMotors ko‘p o‘tmay, deputatning aytganlariga javob qaytarib, uni shuhrat ilinjida faktga asoslanmagan ma’lumotlarni tarqatishda ayblagan.
“Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining UzAutoMotors AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga rioya etilishi yuzasidan tekshiruvi doirasida kompaniya vakolatli davlat idorasi bilan mutlaqo shaffoflik asosida hamkorlik qilmoqda va barcha zaruriy ma’lumotlarni taqdim etmoqda. Afsuski, shaxsiy shuhrat ilinjidagi ayrim shaxslar tekshiruv yakunini kutmay, uning tafsilotlarini chop etmoqdalar, tekshiruvchilarning alohida talqinlarini hech tortinmay aniqlangan fakt o‘laroq ko‘rsatmoqdalar”, deyiladi kompaniya bayonotida.
Kompaniya o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, tekshiruv natijalari bo‘yicha yakuniy xulosa berilishini eslatib, deputat Kusherboyev populist ekaniga ishora qilgan.
“Liberal-demokratik partiya a’zosining bu boradagi fikri o‘zgacha ekan – uning tomonidan nafaqat populistik fikr-mulohazalar, balki Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tezislarining ochiq-oydin buzilgan talqini navbatdagi axborot porsiyasi o‘laroq 5 avgustda o‘z shaxsiy Telegram-kanalida ommaga e’lon qilindi”, deyiladi UzAutoMotors xabarida.
Monopol kompaniya o‘tkazilayotgan tekshiruvlar deputatlar so‘roviga aloqador emasligini, shunchai tasodif bilan bu ikki hodisa bir vaqtga to‘g‘ri kelib qolganini aytgan. Shuningdek, Kusherboyev Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining voizi sifatida ko‘rayotganini ta’kidlagan.
“Kimdadir deputatlik so‘rovi UzAutoMotors tekshiruvi uchun turtki bo‘lgan, degan fikr uyg‘onishi mumkin. Yumshoqroq aytadigan bo‘lsak, bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi: keng ko‘lamli tekshiruv borayotganiga bir necha oy bo‘ldi, lekin 29 iyulda, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi narxni shakllantirish masalasini chuqurroq o‘rganish to‘g‘risida qaror qabul qilgan kuni deputatlar guruhidan so‘rov kelib tushgan. Tasodifmi? Shubhasiz. Shunday esa-da, Rasul Kusherbayev, na ish tashabbuschisi, na uning ishtirokchisi bo‘la turib, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining notig‘i rolini o‘zida sinab ko‘rdi – o‘zi videokonferensiya rejimida qatnashgan ish yuzasidan tomonlar o‘rtasidagi muhokamaning tafsilotlari yuzasidan shaxsiy talqinlari bilan jamoatchilikni hayratga soldi. Uning jurnalistika fakultetining bitiruvchisi maqomiga chuqur hurmat bildirgan holda, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining pozitsiyasini e’lon qilish qo‘mita matbuot xizmatining vakolati doirasidagi ish, deb hisoblaymiz. Vaholanki, matbuot xizmati elementar axloq me’yorlarini buzib, ishchi talqinlarni fakt o‘laroq taqdim etishni o‘ziga ep ko‘rmagan bo‘lardi”, deydi kompaniya. Balki bu orqali deputatning bir vaqtlar UzAutoMotors “O‘zavtosanoat” vazifasini bajarishga urinayotgani haqidagi fikriga javob qaytargandir.
Ta’kidlanishicha, hozirda muvofiqlashtiruvchi idora ekspertlari tomonidan jumladan martdagi narx o‘zgarishi parametrlariga asos bo‘lgan butlovchi qismlar narxining uzoq muddatli prognozining aniqligi masalasi o‘rganilmoqda.
“Muhim jihati fakt aniqlanmagan, balki masala ko‘rib chiqilmoqda! Ammo, mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchiga nisbatan g‘ijinishga yo‘g‘rilgan qandaydir nafrat his etuvchi qonun ijodkori bu nozik nuqtalarga qarab o‘tirarmidi?”, deyiladi xabarda. Ammo odamlarda kompaniyaga nisbatan nafrat nima uchun shakllangani haqida og‘iz ochilmagan.
Shuningdek, ayni vaqtda Qo‘mita mutaxassislari, shuningdek, reklama xarajatlari va kreditlarga xizmat ko‘rsatish sarf-xarajatlarining narx shakllanishi jarayoniga kiritilishining asoslanganligini ham tekshirmoqda.
“Bu yo‘nalishda ham kompaniya muvofiqlashtiruvchi idora bilan hamkorlikda ishlamoqda, o‘zi ishlab chiqqan va bir qator idoralar tomonidan tasdiqlangan hisob-kitoblar to‘g‘riligini ma’qullamoqda. Shubhasiz, bu borada oxirgi xulosani monopoliyaga qarshi kurashish idorasi aytadi”, deya vaziyatni tushuntirgan monopol sub’ekt.
UzAutoMotors deputatning dilerlik saloni ta’sischisi va ularga yaratilgan imkoniyatlar haqidagi fikriga ham raddiya bergan.
“Keyin Rasul Xidraliyevich, fakt o‘laroq taqdim etilishi mumkin bo‘lgan boshqq salmoqli gumonlar topa olmay, UzAutoMotors`ning dilerlar bilan munosabatlariga o‘tdi – go‘yoki ularning ba’zilari boshqalariga teng bo‘lmagan sharoitda emishlar.
Deputat, masala mohiyatini tushunib yetmay, lekin “o‘zga fikrga o‘rin yo‘q” qabilida ish ko‘rib, kompaniya yangi dilerlardan 10 mlrd so‘m miqdorida oldindan to‘lovni talab qilishini, ishlab turgan dilerlarga esa bunday talab yo‘q ekanligini da’vo qildi. Agar u bevosita kompaniyaga savol bilan murojaat etishni o‘ziga ep ko‘rganda edi, kompaniya tomonidan o‘tkazilgan ob’ektiv tahlil avtosalonlar sonining haddan ortiqligini, nisbatan kichik hududlarda o‘ta ko‘p joylashganligini va ko‘plab sotuv nuqtalarining samaradorligi pastligini bilib olgan bo‘lardi. Vaziyatni sog‘lomlashtirish uchun amaldagi dilerlar bilan ularning servis darajasini oshirishga qaratilgan o‘zaro hamkorlik dasturi ishlab chiqildi. Aynan shu mantiqqa asosan, UzAutoMotors sheriklik tarmog‘iga qo‘shilishni istagan yangi nomzodlarga ham mijozlarga xizmat ko‘rsatish darajasi borasida, ham savdo shartlari yuzasidan yangi talablar qo‘yiladi. Tabiiyki, bu iste’molchi uchun yakuniy narxga mutlaqo ta’sir ko‘rsatmaydi, ammo, g‘azab otiga mingan deputat “xalq manfaatlarini himoya qilish”dan chetlanib, ommaviy tarzda ayrim tijorat tuzilmalari manfaatlarini himoyalashga o‘tib ketganligini payqamay qoldi. Bu yerda nima birlamchi-yu, nima ikkilamchi – muhokama qilib o‘tirmaymiz.
Davomi yana ham qiziqroq. Deputat tekshiruv “UzAutoMotors kompaniyasining maxsus aksiyalari orqali avtomobillarni muddatli to‘lov asosida sotish faqat kompaniya muassisligidagi “Autosanoat Invest” MCHJ orqali amalga oshirilganligini ko‘rsatgan. Boshqa dilerlar bevosita bunday aksiya o‘tkazish huquqiga ega bo‘lmagan”liklarini e’lon qildi. Bu esa, uchiga chiqqan safsatabozlik va qip-qizil yolg‘onning o‘zginasi: “UzAuto Motors” AJ “Autosanoat Invest”ning muassisi emas va hech qachon bo‘lmagan ham – bu kompaniya 100% “O‘zavtosanoat” AJga tegishli. Bundan tashqari, “UzAuto Motors” amalda hech qanday aksiya uyushtirmaydi – u faqat avtomobillar ishlab chiqaradi, ularni keyin dilerlar o‘z avtosalonlarida sotadilar. Dilerlar esa, o‘z navbatida, amaldagi qonunchilik doirasida va o‘z fantaziyalaridan kelib chiqib, istalgan aksiyani o‘tkazishlari mumkin. “Autosanoat Invest” bir qator o‘z aksiyalarini o‘ylab topdi va ishlab chiqdi, lekin yuzga yaqin boshqa dilerlik korxonalarining har biri ham xuddi shunday huquqqa ega. Boz ustiga, ular bu huquqlaridan faol foydalanadilar, hatto avtomobillarning bepul o‘ynalishiga qadar o‘z aksiyalarini ishlab chiqadilar”, deya deputatga keskin javob qaytargan.
Kusherboyevning kompaniya ayblovlarni tan olmagani haqidagi fikriga javoban UzAutoMotors quyidagicha munosabat bildirgan:
“O‘z “muxbirlik” mahsulini xulosalar ekan, deputat qayg‘urib yozadi – “kutilganidek”, avtomobil ishlab chiqaruvchi keltirilgan qonunbuzarliklarni tan olmadi va materiallar o‘rganilganidan keyin qo‘shimcha hujjatlar taqdim etishini bildirdi, shundan so‘ng ishni ko‘rib chiqish davom etadi. Nima ham qilardik – birinchidan, bu tizim aynan argumentlar va kontrargumentlar asosida ishlaydi, ikkinchidan, ushbu jarayonda kuzatuvchi rolini bajargan deputat nimaning tan olinishini kutgandi? UzAutoMotors o‘ziga mutlaqo aloqasi yo‘q kompaniyaning muassisi ekanliginimi? Yoki o‘n minglab mijozlari o‘rtasida havas qilarli muntazamlikda aksiyalar o‘tkazib keladigan UzAutoMotors dilerlariga bunday aksiyalar uyushtirish taqiqlanganinimi?
Shubhasiz, UzAutoMotors turli davrlar va boshqaruvga turlicha yondashuvlarni boshidan o‘tkazdi. Shu bilan birga, kamida keyingi ikki yilda kompaniya o‘z faoliyatini ochiqlik va iste’molchi bilan hurmat asosidagi muloqot asosida qurmoqda. O‘n yillab butunlay boshqacha sharoitlarda ishlangani tufayli to‘planib qolgan kamchiliklar haqida kompaniya rahbariyati hammadan yaxshiroq xabardor. Ushbu nuqsonlar izchil bartaraf etilyapti va bu jarayon xalq e’tiboridan chetda qolmaydi, deb umid qilamiz. Tabiiyki, kompaniya konstruktiv tanqid uchun ochiq, ammo ochiq-oydin g‘arazli hujum uyushtirishdan oldin yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishi lozim bo‘lgan odamlarning quruq ayblovlariga, xususan ularning haqoratlariga jim qarab turmaydi. Agar kompaniya qayerdadir nohaq bo‘lsa, o‘z xatosi ustida ishlashga tayyor. Lekin tegishli xulosani biz bunga vakolatli (darvoqe, deputatlik so‘rovidan naq besh oy oldin ushbu masala bilan qiziqqan) davlat idorasidan olishni kutamiz”.
LiveBarchasi