“O‘zavtomotors” yuzi qizarmay, tez yordam uchun ham avtomobillarini otni kallasidek narxda sotyapti – Deputat
Jamiyat
−
21 iyul 2020
15672O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik deputati Rasul Kusherboyev hozirgi og‘ir vaziyatda mamlakatning yengil avtomobilsozlik sanoatidagi monopol kompaniyasi “O‘zavtomotors”ga yuzlanib, tez yordam uchun mashinalar qimmat narxlarda yetkazib berayotganini aytib chiqdi. Deputat kompaniyani biroz imtiyozlar berishga va xalqqa ko‘makdosh bo‘lishga chaqirgandi.
“Shu sinovli kunlarda yurtdoshlarimizga yengil bo‘lishi uchun barcha qo‘lidan kelguncha dori darmon, tibbiy uskunalar olish uchun o‘z yonidan hayriya qilayotgan yoki beminnat xizmat ko‘rsatayotgan bir vaqtda bizni erkatoy monopolimiz “O‘zavtomotors” yuzi qizarmay, tez yordam uchun ham avtomobillarini otni kallasidek oshirilgan narxida sotishda davom etayapti.
Masalan, Farg‘ona viloyati hokimligi viloyat aholisi uchun 20 ta yangi Damas`larni 75 mln so‘m atrofida sotib olib, “tez yordam”ga topshiribdi.
Shu “O‘zavtomotors”ga ham hayronsan. Rossiyaning Ufasida avtomobillari ochiqda qolib chirib yotsa ham o‘z xalqi uchun jilla qursa Damas`laridan bepul yoki imtiyozlar bilan berish qiyinmi?”, deydi Kusherboyev.
U kompaniya tashkil topganidan buyon xalqning yonida ekanini aytib kelishini eslatib, pandemiya davrida chin ma’noda odamlar bilan birgaligini isbotlashi keraklini ta’kidlaydi.
“24 yil davomida xalqimiz bilan birgamiz”, deb ko‘kragini kerayotgan bu monopol hech bo‘lmasa shu og‘ir kunlarda haqiqatan xalqi bilan birga ekanligini isbotlasa bo‘lardi.
Ahir shuncha yil shu xalq hisobidan yallo qilib yashadi, ertaga shu xalq bo‘lmasa uni “erka”ligini kim ko‘taradi, defektlar bilan chiqayotgan, otni kallasidek qimmat mashinalarini kim oladi, albatta shu xalq oladi. Pulini to‘lab oylab kutadigan Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina xalqi emas, shu xalq oladi, shu xalq minadi. Shu kasal bo‘layotgan odamlar bo‘lmasa hech kimsan “monopol do‘stim”, deydi xalq vakili.
LiveBarchasi