Imtiyozlar faqat ko‘zga “issiq ko‘ringanlarga”mi?
Tahlil
−
05 may 686 8 daqiqa
O‘zbekistonda kichik do‘kon egalari xarid chekini berdimi yoki yo‘q deb soliq idorasi kassa chekiga qarab tish-tirnog‘i bilan poyloqchilik qilayotgan, yaxshi ma’noda kurashayotgan bir paytda, teparoqda katta-katta tashkilotlar mutlaqo boshqa dunyo — “imtiyozlar olamida” yashamoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2025 yil yakunlari bo‘yicha e’lon qilgan ma’lumotlar befarq bo‘lmagan kishilarni yaxshigina o‘ylantirib qo‘yadi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan yili O‘zbekistonda xususiy va davlat kompaniyalari naqd 178,1 trillion so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlarini “hazm” qilishgan. Bu — qariyb 14 milliard AQSH dollari degani! Byudjetga tushishi kerak bo‘lgan shuncha pul shundoqqina gigant kompaniyalarning cho‘ntagida qolib ketgan. Rozi-rizolik bilan albatta!
Keling, imtiyoz taxtining tepasiga chiqqan “shoh”larni ko‘rib chiqaylik. Soliq imtiyozlari bo‘yicha mutloq yetakchi — Uzbekistan GTL yonilg‘i zavodi. 2021 yilda qariyb 3,5 milliard dollarlik ushbu zavod ishga tushayotganda yiliga 3,6 mlrd metr kub tabiiy gaz qayta ishlanib, qiymati 1 mlrd dollardan ziyod bo‘lgan 1,5 mln tonna tayyor suyuq mahsulotlar ishlab chiqarilishi hamda ular importning o‘rnini bosishi aytilgan edi. Yana dunyodagi sohaga ixtisoslashgan 5 ta eng yirik zavodning biri deya ta’riflangan bu majmua “byudjetga yiliga 2 trillion so‘mdan ortiq soliq tushiradi!” deb bong urilgan edi.
Lekin amalda nima bo‘ldi? Zavod byudjetga pul to‘lash u yoqda tursin, 2025 yilning o‘zida 2,8 trillion so‘mlik soliq imtiyoziga ega chiqdi. Ya’ni davlat hisobidan “saxovat” ko‘rsatildi. Aslida bu zavodga nisbatan savollar ko‘p! Masalan, ishlab chiqarishni boshlaganiga 2,5 yil bo‘lgan paytda ham hali biron marta 50 foiz quvvati darajasida ishlamagani jamoatchilik faollari tomonidan tanqid qilingan edi. Shuncha pul sarflab qurilgan zavod ochilganidan keyin 3 ta qishni ishlamay o‘tkazgan. Bu holat ikki marta “gaz yo‘qligi uchun” deb izohlangan bo‘lsa, 2024 yilda ta’mirlash uchun yopilgan deya aytilgan edi. Yiliga 7 oy ishlab, 5 oy yopiq turadigan zavod uchun sarflangan pullar tez-tez jamoatchilik faollari, jurnalist va blogerlar tomonidan tanqid qilinadigan bo‘ldi.
Uzbekistan GTL ning asoschisi kim?
Uzbekistan GTL — Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida joylashgan, sintetik suyuq yonilg‘i ishlab chiqaruvchi ulkan zavod. U jahondagi eng yirik va texnologik jihatdan eng rivojlangan sanoat majmualaridan biri hisoblanadi. Zavodning 100% ulushi davlatga tegishli bo‘lgan “O‘zbekneftgaz” AJniki. Ya’ni, u davlat korxonasi hisoblanadi. Zavod qurilishi va uning texnologik bloklarida Janubiy Koreyaning Hyundai Engineering, Singapurning Enter Engineering kabi yirik pudratchilari hamda AQSHning Air Products kompaniyasi ishtirok etgan.
Aslida davlat nuqtai nazaridan bu loyihaning bir qancha strategik foydalari bor. Masalan, ekologik jihatdan zavodni + ko‘rsatkich bilan ta’riflash mumkin. Zavodda ishlab chiqariladigan sintetik yonilg‘i oddiy neftdan olinadigan yonilg‘ilarga qaraganda 40 foiz kamroq zararli gaz chiqaradi. Bu ayniqsa, doim musaffo ekani kesatiqlarga aylantirilgan osmonimizda changlar ko‘paygan davrda juda muhim. Yana zavodda 1300 dan ortiq mahalliy mutaxassislar yuqori maoshli doimiy ish o‘rni bilan ta’minlanishi aytilgan edi. Qolaversa, oddiy tabiiy gazni shunchaki xomashyo sifatida eksport qilgandan ko‘ra, uni qayta ishlab tayyor mahsulot — kerosin va dizel holida sotish iqtisodiy jihatdan ancha foydaliroq hisoblanadi. Biroq, eng asosiy yutuq va maqsad sifatida import o‘rnini bosish ko‘rsatilgan.
Ilgari O‘zbekiston aviakerosin va yuqori sifatli dizel yonilg‘isini chetdan, asosan Rossiyadan katta valyuta evaziga sotib olar edi. GTL zavodi ishga tushgach, ushbu yonilg‘ilar o‘zimizda ishlab chiqarila boshlanishi narx-navo masalasida foyda keltirishi kerak edi. Ammo zavod hech qachon 100 foizlik imkoniyati darajasida ishlamadi. Chunki, zavod maksimal ishlashi uchun yiliga 3,6 milliard kub metr gaz kerak bo‘ladi, lekin qishda aholi va issiqlik elektr stansiyalarining o‘ziga gaz yetkazib berish katta muammoga aylanishi hech kimga sir emas. Shuningdek, GTL yonilg‘isi ishlab chiqarila boshlanganiga qaramay, ichki bozorda dizel va aviakerosin narxlari arzonlashmadi. Bu esa loyihaning yuqori tannarxi va kreditlarni qaytarish majburiyati bilan izohlanadi.
Zavodni qurish uchun qayerdan mablag‘ olingan?
Uzbekistan GTL zavodining qurilishi umumiy hisobda 3,5 milliard AQSH dollariga baholangan bo‘lib, shundan 2,3 milliard dollari xorijiy moliya institutlari va banklardan kreditga olingan.
Xitoy Davlat taraqqiyot banki asosiy kreditor hisoblanadi. U 1,2 milliard AQSH dollaridan ortiq kredit ajratgan. Janubiy Koreya Eksport-import banki va Koreya savdo sug‘urta korporatsiyasi 600 million AQSH dollari bergan.
700 million dollarga yaqin qismi esa, bir nechta moliya institutlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bular: Rossiyaning Gazprombank, Roseksimbank va Rossiya eksport kreditlari va investitsiyalar sug‘urtasi bo‘yicha agentligi. Yana Yaponiyaning yirik banklari: Mitsubishi Financial Group, Sumitomo Mitsui Financial Group va Mizuho banki ham mablag‘ ajratganlar qatorida bor.
Qolgan 1,3 milliard dollar ichki manbalar hisobidan shakllantirilgan. O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi 740 million AQSH dollari ajratgan bo‘lsa, 570 million AQSH dollari “O‘zbekneftgaz” AJning o‘z mablag‘laridan sarflangan.
Tushunganingizdek, kreditlar juda katta. Zavod o‘zidan chiqadigan foyda hisobiga ushbu xalqaro foizli qarzlarni qaytarishi kerak. Ammo mahsulot tannarxining yuqoriligi va ichki bozordagi narxlarning cheklangani sababli, kreditlarni to‘lash muddati cho‘zilib ketmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, zavod o‘ziga ketgan xarajatlarni 7–9 yilda oqlashi kerak edi. Biroq amaldagi moliyaviy qiyinchiliklar tufayli bu muddat ancha uzoqqa cho‘zilishi va davlatning zimmasiga og‘ir yuk bo‘lib tushishi mumkin.
Qolaversa, kreditlar xorijiy valyutada — AQSH dollarida olingan. So‘nggi yillarda milliy valyuta so‘mning dollarga nisbatan qadrsizlanishi sababli, kreditlarni qaytarish uchun ketadigan mablag‘ miqdori so‘m hisobida bir necha barobarga oshib ketdi. Yana sanksiyalar muammosi ham bor. Kredit bergan banklar orasida Rossiyaning Gazprombanki ham borligi yuqorida aytildi. 2022 yildan keyin ushbu bank xalqaro sanksiyalarga tushgani sababli, kredit to‘lovlarini amalga oshirish va qaytarish jarayonlari texnik jihatdan ancha murakkablashdi. Hatto 2025 yilning 21 aprelida Uzbekistan GTL zavodi ommaviy savdolarga chiqariladigan korxonalar ro‘yxatiga kiritilgan edi.
Imtiyoz osmonida uchayotgan Uzbekistan Airways
Endi esa, imtiyozxo‘rlar mavzusiga yana qaytamiz. Uzbekistan GTL'dan keyingi ikkinchi o‘rinda Uzbekistan Airways turibdi — 2,4 trillion so‘m soliq imtiyozidan foydalangan holda. 2024 yilda bu ko‘rsatkich 881,4 milliard so‘m edi. Qariyb uch barobar o‘sish! Bu darajadagi imtiyozning sababi sifatida yo‘lovchi va yuk tashish samolyotlarini olib kelish uchun QQS va bojxona to‘lovlaridan ozod qilinganligi ko‘rsatilgan.
O‘tgan yilning 27 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev fuqaro aviatsiyasi sohasidagi davlat siyosatini tartibga solish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Hujjatga ko‘ra, rezident aviakompaniyalarning yo‘lovchi va yuk tashuvchi havo kemalari O‘zbekistonga olib kirilganda bojxona to‘lovlari va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan texnologik uskunalar ro‘yxatiga kiritilgan. Qolaversa, aviatsiya tizimini yaxshilash uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Transport vazirligi bilan hamkorlikda 3 yil davomida — 2026 yildan 2028 yilgacha — davlat byudjetidan 250 mlrd so‘m ajratish topshirilgandi.
Imtiyoz olish bo‘yicha kuchli uchlikni 1 o‘rindagi Uzbekistan GTLning asoschisi bo‘lgan “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi yopib beradi. U 1,7 trln so‘mlik soliq imtiyozlariga ega bo‘lgan. Qiziqarli tomoni, ilgari uning imtiyozlari 58,5 mlrd so‘m edi. Birdaniga 1 trln so‘mdan ko‘proqqa o‘sish!
Eng yirik imtiyoz oluvchilar qatorida, shuningdek, sizga tanish bo‘lgan “O‘zbekiston temir yo‘llari”, nomi monopoliya atamasi bilan tez-tez birgalikda keladigan UzAuto Motors, “Hududiy elektr tarmoqlari” kabi tashkilotlar ham bor. Umumiy hisobda soliq imtiyozlaridan 143 mingdan ko‘proq sub’ekt foydalangan bo‘lib, imtiyozlar summasi 119 trln so‘mni tashkil etdi. Shundan 139 dan ortiq yuridik shaxs 118,9 trln so‘mlik, 4185 nafar yakka tartibdagi tadbirkor esa 120,7 mlrd so‘mlik imtiyozlarni qo‘llagan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining bu hisobotida e’tibor tortuvchi yana bir qism bor. “Muhim eslatma” deya alohida ko‘rsatilgan qatorda yuqorida ko‘rsatilgan summalar Prezident va hukumatning yopiq qarorlari bilan taqdim etilgan imtiyozlarni o‘z ichiga olmasligi ta’kidlangan.
Bojxona imtiyozlaridan kimlar foydalangan?
Bojxona imtiyozlarining umumiy qiymati 59,1 trillion so‘m bo‘lib, bu yerda ham “o‘zimizning qadrdonlar” yetakchi.
Bojxona imtiyozlarining eng yirik oluvchisi — UzGasTrade bo‘lgan, 2,1 trillion so‘mlik ko‘rsatkich bilan. Undan keyingi o‘rinda 1,4 trillion so‘m bilan temiryo‘l shpallari ishlab chiqaruvchi RWS Optimum turibdi. Uchinchi o‘rinni esa, taniqli tadbirkor Baxtiyor Fozilovga aloqador deb ko‘riladigan Enter Engineering olgan.
Aslida, bojxona imtiyozlari ro‘yxatini o‘qisangiz, xorijiy yuridik shaxslar tomonidan tashkil etilgan 75 ta doimiy muassasaga berilgan 2,46 trillion so‘mlik imtiyozning yarmidan ko‘pi yana o‘sha Enter Engineering tuzilmalari hissasiga to‘g‘ri kelganini ko‘rasiz. Umumiy hisobda ushbu guruh 1,9 trillion so‘mdan oshiq imtiyozdan bahramand bo‘lgan. Imtiyoz oluvchilar orasida Eriell Group tuzilmalari ham ko‘rsatib o‘tilgan. Xususan, Qandim massividagi loyiha 25,6 mlrd so‘mlik, Muborak tumanidagi loyiha esa 15,9 mlrd so‘mlik imtiyozlarga ega bo‘lgan.
Lekin bu bayram ham uzoqqa cho‘zilmaydiganga o‘xshaydi. Hukumat ish haqi bo‘yicha 131 million dollarlik qarzdorlikni, byudjet va banklar oldidagi majburiyatlarni yopish uchun Enter Engineering, Eriell va Saneg aktivlarini sotishni rejalashtirmoqda. Shuncha imtiyozni olib ham yana yuzlab million dollar qarzga botib o‘tirish sababi ko‘plarni qiziqtirishi aniq.
Bojxona imtiyozlariga ega chiqqanlar orasida ham UzAuto Motors bor! Miqdor 898,9 mlrd so‘m sifatida ko‘rsatilgan. Raqamlar shunchaki hisobot emas, ular bugungi iqtisodiy voqeligimizning oynasi.
Trillionlab so‘mlik imtiyozlar – ekologik foydalar, yangi ish o‘rinlari yaratish yoki import o‘rnini bosishga bo‘lgan urinishlar uchun sarflanishi shubhasiz, ijobiy holat. Biroq davlat qo‘llab-quvvatlovi va imtiyozlar biznesni oyoqqa turg‘azish uchun vaqtinchalik vosita bo‘lishi kerak. Yirik monopollarning doimiy yashash tarzi emas.
Live
Barchasi