O‘yin ichida o‘yin: Turkiya “Tolibon”ga bosh egib, Afg‘onistondan chiqadimi?

Intervyu

image

Ayni vaqtda AQSH va NATO kuchlarining Afg‘onistonni tark etishi bilan bog‘liq jarayonlar davom etmoqda. Hozirgacha Italiya, Germaniya va Avstraliya kuchlari mamlakatni to‘liq tark etdi. AQSH esa sentyabr oyigacha afg‘on diyoridan chiqishni va’da qilmoqda. NATO soyasida Afg‘onistonga kirgan turk askarlari-chi? Shov-shuvli bayonotlarga qaraganda, Turkiya Kobuldan chiqmoqchi emas. 

Kecha, 16 iyul Toshkentda o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etgan Turkiya tashqi siyosat instituti direktori, akademik, professor, siyosiy fanlar doktori Husayin Bag‘chi QALAMPIR.UZ’ga Turkiyaning Afg‘oniston bilan bog‘liq kelgusidagi rejalari va “Tolibon”ning Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistonga ta’siri xususida intervyu berdi

Uning qayd etishicha, “Turkiya Afg‘onistonda NATO bilan birga harakat qilayotgan edi. Shuning uchun NATO va AQSH Qurolli Kuchlarining Afg‘onistondan chiqishi ortidan, albatta, Turkiya ham Afg‘onistondan chiqishga majbur bo‘ladi”. 

QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxovning “Turkiya chiqarmikan?!”, degan istehzoli savoliga siyosatshunos shunday javob berdi: 

“Bundan qochib bo‘lmaydi. “Tolibon” vakilining eng oxirgi intervyusida barcha xorijiy kuchlarning Afg‘onistondan chiqishi kerakligi aytildi. Shuni ham unutmaslik kerak, Qobul aeroporti turklar tomonidan qo‘riqlanmoqda va foydalanilmoqda. Aeroportda 500 ga yaqin turk askari bor. Bular albatta, “Tolibon” harakati vakillari bilan muzokaralar davomida gaplashib, kelishiladigan masalalar. Bugungacha bo‘lgan uchrashuvlarda bu masalalar bilan bog‘liq hech qanday natijaga erishilmadi. O‘ylashimcha, “Tolibon”ning xohishi shuki, boshqalar qatori Turkiya ham Afg‘onistondan butunlay chiqsin, keyin bu masalalarda o‘zaro shartnoma qilinishi mumkin”.   

Akademik Husayin Bag‘chi so‘zida davom etarkan, “Tolibon”, AQSH va Afg‘oniston o‘rtasida Dohada o‘tkazilgan uchrashuvlarda yarashtiruvchi rolini o‘ynaganini urg‘uladi. 

“Turkiya bu masalada (Qobul aeroporti xususida – tahr.) ham AQSH va NATO a’zolari bilan allaqachon bir kelishuvga erishdi. NATO yig‘ilishida hurmatli Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Qobul aeroportini Turkiya ishlatishi va qo‘riqlashi borasidagi taklifi qabul qilindi.

Bu, albatta, siyosiy bir yondashuv yoki Turkiya va Afg‘oniston orasidagi shaxsiy munosabatlar natijasi bo‘lishi mumkin. Chunki Turkiya, Afg‘oniston va Pokiston ikki hamda uch tomonlama muloqotlar olib borib kelmoqda. Bundan tashqari, Turkiya Dohada o‘tkazilgan uchrashuvlarda AQSH va Afg‘oniston orasida xolis yarashtiruvchi rolini o‘ynagan mamlakat edi”.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Rasmiy Kobul harakat tarafdorlariga qarshi qarshi hujumlarni rejalashtirmoqda.

Turkiya AQSH qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etishi fonida Kobul aeroporti xavfsizligini ta’minlashni o‘z zimmasiga olishga tayyorligini bildirishi ortidan “Tolibon” harakati rasmiy Anqarani ogohlantirdi. Harakat Turkiya Afg‘onistonga qo‘shin joylashtirishi mumkin emasligini ta’kidlamoqda.

“Dawn” nashrining “Tolibon” bayonotiga tayanib xabar berishicha, Turkiyaning bunday qarori “shoshqaloqlik” va mamlakat “suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzadi” hamda uning milliy manfaatlariga ham zid.

“Turkiya hukumatining Qo‘shma Shtatlarning iltimosiga va qaroriga binoan mamlakatimizga qarshi tajovuzni davom ettirish to‘g‘risida e’lon qilishi bizda nafrat va adovatni keltirib chiqaradi hamda ikki tomonlama munosabatlarga putur etkazadi”, deyiladi harakat bayonotida.

"Tolibon" rahbarlari “Afg‘onistonda xorijiy kuchlarning borligi, mamlakat nomidan qat’i nazar, tajovuzkorlik ekanligini va uzurpatorlarga 1500 afg‘onistonlik olimlar bergan fatvo asosida muomala qilinishini” ta’kidladilar.

Toshkentdagi yirik konferensiyada ishtirok etgan Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li esa Turkiya hamon Qobul aeroportini qo‘riqlash va boshqarishga tayyorligini bayon qilib, shunday dedi

“Yevroosiyoda haqiqiy tinchlikka yo‘l Afg‘oniston orqali o‘tadi. Turkiya ushbu mamlakatdagi tinchlik jarayoniga o‘z hissasini qo‘shishda davom etadi. Anqara Qobuldagi birodar afg‘on xalqi manfaatlariga javob beradigan Hamid Karzay nomidagi xalqaro aeroportda xavfsizlikni ta’minlashda va boshqarishda davom etishga tayyor”.

Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa 15 iyul kuni TRT telekanali orqali chiqishida, Turkiya Suriya, Liviya va Qorabog‘da nima qilgan bo‘lsa, Afg‘onistonda ham shuni qilishini urg‘ulab, turk xalqi samimiyat bilan mazlumlar oldida bo‘lishini ta’kidladi

Turkiya tashqi siyosat instituti direktori, akademik, professor, siyosiy fanlar doktori Husayin Bag‘chi bilan geosiyosiy jihatdan muhim suhbatni QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Husayin Bag'chi

Baholaganlar

249

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing