Turkiya ham Aqtaudagi aviahalokat yuzasidan tergovga qo‘shildi
Olam
−
28 dekabr
2656Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga tegishli samolyotning Aqtau yaqinida qulashini tergov qilish jarayonida sakkiz nafar turk mutaxassisi ishtirok etadi. Bu haqda Turkiya Transport va infratuzilma vaziri Abdulqodir Uralo‘g‘li ma’lum qildi.
Vazirning bildirishicha, kecha, 27 dekabr kuni kechqurun Bakuga jo‘nab ketgan delegatsiya bugun, 28 dekabrda ish boshlashi kutilmoqda.
“Biz texnik va eksplutatsion tahlillarni o‘tkazamiz hamda zarur yordamni taqdim etamiz. Hodisaning barcha jihatlarini o‘rganish va natijalar haqida xabar berish uchun mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda ishlaymiz. Turkiya har qanday sharoitda Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlaydi”, dedi Uralo‘g‘li.
Shuningdek, u aviahalokat qurbonlarining yaqinlariga hamdardlik bildirib, jabrlanganlarga tezroq sog‘ayib ketishni tilagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Braziliya harbiy-havo kuchlari tergovchilari ham Ozarbayjon samolyotining qulashi sabablarini aniqlashda ishtirok etishi xabar qilingandi.
Embraer 190 samolyotining qulashi
25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchradi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi.
Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.
Ozarbayjonning Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyev ham samolyot halokatiga “tashqi aralashuv” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.
AQSH ham laynerning qulashida Rossiyanig havo hujumidan mudofaa tizimlarining ta’sirini ta’kidlamoqda.
Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Kreml halokatga baho berishni tergov yakunlariga qadar noto‘g‘ri deb bilishini va vaziyatga izoh bermasligini bildirdi.
Checheniston hukumati esa Ramzan Qodirovning topshirig‘i bilan Baku-Grozniy yo‘nalishidagi AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati oqibatida vafot etgan va jabrlanganlarning oilalariga moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Lekin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ma’muriyati hech qanday yordamga muhtoj emasligini va bunday yordamni qabul qilmasligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi