“Uyatli xonadon”, “Sharmandali mahalla”: XDP hokimlarni aholini kamsitishni to‘xtatishga chaqirdi
Jamiyat
−
13:54 1976 3 daqiqa
Avvalroq, Toshkent viloyatining Chinoz tumani hokimi Sherzod Solihov yig‘ilishda tumanda hududi obodonlashtirilmagan va tartibga keltirilmagan mahallalarga “Sharmandali mahalla” hamda talab darajasida saqlanmagan xonadonlarga esa “Uyatli xonadon” yozuvlarini o‘rnatishni buyurgani haqida xabar berilgan edi. Xalq demokratik partiyasi mazkur holat yuzasidan munosabat bildirib, bunday amaliyot qonunga zid ekanini qayd etdi.
Partiya fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmati, shaxsiy hayoti hamda uy-joy daxlsizligi kabi konstitutsiyaviy huquqlariga raxna solinayotgani, qandaydir talablar bajarilmagan taqdirda xonadonlarga “Uyatli xonadon”, mahallalarga esa “Sharmandali mahalla” kabi tamg‘alar o‘rnatilishi haqidagi xabarlar aholida e’tirozlarni keltirib chiqarayotganini bildirgan.
“Xalq demokratik partiyasi bunday xatti-harakatlar Konstitutsiyada belgilangan huquqlar va kafolatlarga mos kelmaydi, deb hisoblaydi”, deyiladi munosabatda.
Qayd etilishicha, xonadonlarni, ko‘cha va mahallalarni obod qilish ezgu tashabbus, bu har bir fuqaroning ijtimoiy mas’uliyati. Biroq bu tashabbusni amalga oshirish shaxsiy namuna, ijtimoiy hamkorlik, qonun va inson qadriga hurmat hamda amaliy yordam ko‘rsatish, qo‘llab-quvvatlash asosida tashkil etilishi kerak.
Shuningdek, mahallalar, qolaversa, xonadonlar obodligi yo‘llar, ichimlik suvi, elektr va gaz ta’minoti, muhandislik kommunikatsiyalari, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib ketish kabi vazifalar samarali bajarilishi bilan bog‘liq. Bu borada mahalliy hokimliklar va boshqa mutasaddi tashkilotlar qonuniy majburiyatini o‘z vaqtida va sifatli bajarishi zarur.
“O‘z hududida davlat tashkilotlari tomonidan amaliy g‘amxo‘rlik va real o‘zgarishlarni ko‘rgan yurtdoshlarimizda xonadonlar va atrof-muhitni obod qilishga intilish o‘z-o‘zidan kuchayishiga ishonchimiz komil”, deyiladi munosabatda.
Bundan tashqari, partiyaga ko‘ra, insonning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish, qonunlarda nazarda tutilmagan ma’muriy choralar qo‘llashga urinish demokratik huquqiy davlat boshqaruvi tamoyillariga zid.
Shu bilan birga, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligini ta’minlash hamda fuqarolar bilan muloqotda har bir mutasaddi odob-axloq qoidalariga rioya qilishi lozim.
“Xalq demokratik partiyasi mutasaddilarni aholi bilan muloqotda shaxsning qadr-qimmati, sha’ni va obro‘sini kamsitish kabi noqonuniy usullardan butunlay voz kechib, qonun ustuvorligi, inson qadri, ijtimoiy tenglik va ijtimoiy sheriklik tamoyillariga amal qilishga chaqiradi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanov o‘tkazgan reyd tarmoqlarda keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ushbu holat bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi viloyat hokimligiga qonunchilikda belgilangan tartibda xizmat tekshiruvi o‘tkazish hamda huquqiy baho berish bo‘yicha taqdimnoma kiritdi.
Bundan tashqari, Toshkent viloyatining Chinoz tumani hokimi Sherzod Solihov yig‘ilishda tumanda hududi obodonlashtirilmagan va tartibga keltirilmagan mahallalarga “Sharmandali mahalla” hamda talab darajasida saqlanmagan xonadonlarga esa “Uyatli xonadon” yozuvlarini o‘rnatishni buyurdi. Hokim “Birlik” mahallasida o‘tkazilgan yig‘ilishda mazkur mahalla viloyat rahbariyati topshirig‘i asosida tayanch hudud sifatida tanlanganini aytgan. Bunga sabab esa yo‘l bo‘yida joylashgani va ko‘pchilik e’tiboriga tushadigan hududlardan biri ekani bo‘lgan.e
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi ham ushbu holatlar bo‘yicha izoh berib, xonadonlarga kirish, aholini so‘roqqa tutish kabi holatlar bo‘yicha uyushma tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri topshiriq berilmaganini va bunday amaliyotlar qonunga zid ekanini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 16 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahallalarda obodonchilikni rag‘batlantirish maqsadida yil yakuni bilan “Eng orasta xonadon”, “Eng fayzli hovli”, “Eng obod ko‘cha” hamda “Eng namunali mahalla” kabi nominatsiyalar joriy etilishi ma’lum qilingan edi.
Live
Barchasi