Qaynona obrazidagi hokimlar yoxud sarishtali farishtalar

Tahlil

Reklama
0:00

Hokimlar gaz, svet, toza suv, mahallani asfalt qilish kabi ijtimoiy muammolarning hammasini hal qilib bo‘ldi shekilli, endi uyma-uy yurib tozalik reydini o‘tkazyapti.

Agar mahallangizda rayhon ekilmagan, o‘tlar o‘rilmagani bo‘lsa, hokim mahallangizni “sharmandali”, uyingizni esa “uyatli” deb e’lon qiladi. Naqd tamg‘a yopishtiriladi.

Mahalla raislari fuqarolarning xonadoniga kirib, ularni kamsityapti. Buni o‘zlari bemalol videoga olib, ommatan tarqatyapti. Kuch qayerdan?

Xullas, “salla desa kallani uzib kelish” trendi davom etadi. Yaqin daqiqalar davomida antiqa ishlardan mantiq qidirib ko‘ramiz.

So‘nggi kunlarda hokimiyat va mahalla amaldorlari fuqarolarning xonadoniga bostirib kirgani, fuqarolar norozi bo‘lsa ham ularni tasvirga olgani, o‘sha videolarda odamlarning sha’ni va qadr-qimmatini toptab yurgani, bu ishlarning hammasi hisobot uchun qilinayotgani aks etgan videolar yoppasiga tarqaldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanovning mahallalardan birida o‘tkazgan o‘rganish jarayoni aks etgan video tarqaldi. Videoda hokim xonadonlardan biriga kirib, uy-joy hududidagi tartibsizliklar, chiqindilar va sanitariya holatini tanqid qilgani ko‘rinadi.

“Bu xonadonga tashqaridan qaragan odam uni tashlab ketilgan qabriston deb o‘ylaydi. O‘choqning yonishiga supurindi yig‘ilgan. Qanday odat bu? Mana, deraza taglariga, uy yon-atrofiga qarang. Chiqindilar yig‘ilib qolgan. Oshxona atrofida ham supurindilar tartibsiz holda tashlab qo‘yilgan. Bu qanday odat? Axir bu ayolni ham bir ona tarbiyalagan, uning ham farzandlari bor, ertaga u kelin-kuyov ko‘radi”, dedi tuman hokimi.

Hokim bilan fuqaro uyiga birga kirgan, mahalla raisi deya tanishtirilgan ayol ham uy egasini koyiganini ko‘rish mumkin.

“Necha marta mahalla kelib uyingizga aytgan tozalashni? Mana, qo‘shnilaringizdan so‘rang. Mana bu ko‘chaning o‘tini nega tozalashdi, bilasizmi? Gapirganimiz uchun ana shu ko‘chani tozaladi bolalaringiz. Xaltalarda axlat turardi, esingizdami? Nima uchun sizning to‘g‘ri yashashingizni tashqaridan kelib kimdir aytishi kerak?” deydi ayol.

Hokim xonadondagi tartibsizlik nafaqat bugungi holat, balki oilaviy muhit va kelajakka ham ta’sir qilishini ta’kidlagan.

“Ertaga shu ro‘zg‘orga normal odam kelin bermaydi”, deydi Samad Hasanov uyni ko‘zdan kechirarkan.

Videoning so‘ngida hokim aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha choralar ko‘rilishini bildirgan. U fuqarolardan uzr yoki iltimos kutmasligini, asosiy masala mavjud muammolarni bartaraf etish va amaliy natijaga erishish ekanini ta’kidlagan.

“Hozir jarimani urasiz. Uy, axlat – hammasi uchun. Menga birontasidan iltimos qildi, kechirim so‘radi degan gap kerak emas”, deydi Samad Hasanov.

Bu videoda ham, internetda aylangan, aylantirilgan, aylanayotgan boshqa videolarda ham uydagi tartibsizlik, tozalanmagan joylar uchun “jarima” so‘zini ishlatgan amaldorlar aks etgan. Biram yaxshi ko‘radiganlar bor shuni. Lekin nima asos, qaysi mantiq bo‘yicha? Fuqaroning o‘z uyidagi tozalik darajasi uchun “shtraf” berilishi bo‘yicha qanday kodeks, qonun bor ekan? Videoda hokimning “Hozir jarimani urasiz... Menga birontasi iltimos qildi, kechirim so‘radi degan gap kerak emas” degan buyrug‘i ham ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha belgilangan qonuniy tartiblarga zid.

Jarima va intizomiy choralar davlat organi xodimining xohishi yoki kayfiyatiga qarab emas, balki aniq qonuniy tartib-taomillar, bayonnomalar va vakolatli idoralar (masalan, sanitariya-epidemiologiya xizmati) tomonidan belgilanishi shart. Hokimning yakka tartibda, “buyruq berish” yo‘li bilan jarima solishni talab qilishi huquqiy savodxonlik darajasi pastligini ko‘rsatadi. Va bu katta ehtimol bilan javobsiz qolmaydi. Chunki mazkur holat yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hokimga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazishni so‘radi.

“Har qanday darajadagi rahbar fuqarolar bilan muloqotda davlat xizmatchisi odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya qilishi shart. Fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligini buzish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish, shuningdek, asoslanmagan ma’muriy bosim o‘tkazish qonunchilikka va etika me’yorlariga mutlaqo zid. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalari buzilishining oldini olishga qaratilgan ishlarni muvofiqlashtirish vakolati doirasida viloyat hokimligiga holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda xizmat tekshiruvi o‘tkazish hamda huquqiy baho berish bo‘yicha taqdimnoma kiritdi”, deyiladi rasmiy xabarda.

Uning natijasi esa hozircha noma’lum. Ehtimol yana bitta hokimga nisbatan mana shunday tekshirish o‘tkazilar. Chunki, Toshkent viloyati Chinoz tumani hokimi Sherzod Solihov bir mahallani “sharmandali”, aholi uylarini esa “uyatli” deb e’lon qildi. Bunga sabab esa mahallaga rayhon ekilmagani, o‘tlar o‘rilmagani, o‘rilgan bo‘lsa ham ular yig‘ishtirilmaganidir.

“Birlik”ni mahalla yettiligi tushunib yetmayapti. Hozir kirganingizda bitta rayhon ham ekilmagan, bitta gul ham ekilmagan, bitta ko‘chat ham ekmagan. Ko‘chalarda o‘tlar bel baravar bo‘lib ketgan. O‘rilmagan, o‘rilgan o‘tlar ham to‘pdek-to‘pdek bo‘lib yotibdi. “Sharmandali mahalla” deb aytsa bo‘ladimi, bo‘lmaydimi!?”, degan hokim.

Haa, shunaqa gaplar. Hokim mahallalarga biriktirilgan korxona va tashkilotlar rahbarlariga hududlar holatini shaxsan nazorat qilish, obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish hamda bajarilgan ishlar bo‘yicha fotohisobot taqdim etish vazifasini ham qo‘ydi. Yana hisobot. Yig‘ilish yakunida belgilangan muddatda kamchiliklar bartaraf etilmasa, mahalla va xonadonlarga tegishli ogohlantiruvchi yozuvlar qo‘yilishini aytgan hokim, ishga hozirdanoq kirishinglar degan.

“Tozalik reydi”ni o‘tkazayotgan hokimlar mustaqillik bayrami sabab mana shunday ishlarni amalga oshirayotganini bildirmoqda. Ammo ushbu bayramga tayyorgarlik ko‘rishda bu darajada maydalashish, fuqarolarning uyigacha kirib borish nazarda tutilmagan. Shunchaki, dastur avvalida aytganimizdek, “salla deyilganida” yaxshiroq ko‘rinish uchun, topshiriqlarni ortig‘i bilan bajaryapmiz deb “ochko” ishlash uchun kallasi bilan uzib keladiganlarni deb bo‘lyapti hammasi.

Joriy yil 16 iyulda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgandi. Unda 2026 yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingani, shu asosda barcha sohalardagi islohotlar natijasi, avvalo, mahallada va odamlarning kayfiyatida namoyon bo‘lishi kerakligi ta’kidlangandi.

“Bu yil Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” degan ezgu g‘oya asosida keng nishonlanadi. Eng ulug‘, eng aziz bayramni mahallalarda ko‘tarinki ruhda o‘tkazish uchun “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” e’lon qilindi”, degan prezident.

Qolaversa, mahallada obodonchilik ishlarini tashkil etish bo‘yicha Bosh vazir boshchiligida Respublika shtabi tuzilishi, hududiy shtablarga hokimlar rahbarlik qilishi ham belgilangan edi. Bu ishlar bir oylik aksiya emas, balki yil bo‘yi ishlaydigan umummilliy harakatga aylantirilishi zarurligi ta’kidlangandi.

“Mehnatga yarasha rag‘bat bo‘lishi uchun yil yakuni bilan ko‘p qavatli uylardagi “Eng orasta xonadon”, mahalladagi “Eng fayzli hovli”, hududdagi “Eng obod ko‘cha”, tuman va viloyatdagi “Eng namunali mahalla” nominatsiyalari joriy etiladi. Tanlov g‘oliblari bo‘lgan ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar uchun mol-mulk solig‘idan, hovli-joylar uchun esa yer solig‘idan imtiyoz beriladi. Yaxshi tajriba yaratgan “mahalla yettiligi” mukofotlanadi, ularning ish uslubi boshqa hududlarga namuna qilib ko‘rsatiladi”, degan Shavkat Mirziyoyev.

O‘qidingiz-a? “Eng orasta xonadon”, “Eng obod ko‘cha” deyilgan. Ijobiy jihatdan baholash aytilgan. Huddi Chinoz tumani hokimi aytganidek “sharmandali” yoki “uyatli” emas!

Mahalla tushunchasi asrlardan beri shakllangan. Uni kuchaytirishga bejizga e’tibor qaratilmayapti. Ammo vazifani to‘g‘ri tushunmay, uning asl mohiyatini anglamay qilingan ishlar mahallalarni Yangi O‘zbekistonning yangicha boshqaruv uslubi sifatida emas, aksincha, jarima qo‘llovchi va shaxsiy hayotgacha daxl qiluvchi tuzilmadek ko‘rsatib qo‘yishi aniq.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing