“Qonunga zid”. “Tozalik reydi” o‘tkazayotgan hokimlar bo‘yicha izoh berildi

Jamiyat

image

Avvalroq, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanov mahallalardan birida “tozalik reydi” o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda hokim xonadonlardan biriga kirib, uy-joy hududidagi tartibsizliklar, chiqindilar va sanitariya holatini tanqid qilgani ko‘rinadi. O‘zbekiston mahallalari uyushmasi matbuot kotibi Jobir Asqarov mazkur holatlar bo‘yicha QALAMPIR.UZ’ga izoh berdi.

Uning bildirishicha, Prezidentning joriy 16 iyul o‘tkazilgan selektordagi topshirig‘idan kelib chiqib, mahallalarda ko‘ngillilar ishtirokida obodonlashtirish tadbirlari tashkil etilyapti. Bu tadbirlar dam olish kunlari kunning iliq paytida ham qilinyapti.

“Ammo xonadonlarga kirish, aholini so‘roqqa tutish kabi holatlar bo‘yicha uyushma tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri topshiriq berilmagan. Bunday holatlar qonunga zid”, deyiladi izohda.

Eslatib o‘tamiz, Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanov o‘tkazgan reyd tarmoqlarda keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ushbu holat bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi viloyat hokimligiga qonunchilikda belgilangan tartibda xizmat tekshiruvi o‘tkazish hamda huquqiy baho berish bo‘yicha taqdimnoma kiritdi.

Bundan tashqari, Toshkent viloyatining Chinoz tumani hokimi Sherzod Solihov yig‘ilishda tumanda hududi obodonlashtirilmagan va tartibga keltirilmagan mahallalarga “Sharmandali mahalla” hamda talab darajasida saqlanmagan xonadonlarga esa “Uyatli xonadon” yozuvlarini o‘rnatishni buyurdi. Hokim “Birlik” mahallasida o‘tkazilgan yig‘ilishda mazkur mahalla viloyat rahbariyati topshirig‘i asosida tayanch hudud sifatida tanlanganini aytgan. Bunga sabab esa yo‘l bo‘yida joylashgani va ko‘pchilik e’tiboriga tushadigan hududlardan biri ekani bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 16 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahallalarda obodonchilikni rag‘batlantirish maqsadida yil yakuni bilan “Eng orasta xonadon”, “Eng fayzli hovli”, “Eng obod ko‘cha” hamda “Eng namunali mahalla” kabi nominatsiyalar joriy etilishi ma’lum qilingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing