Toshkentda 1,2 kilometrlik BRT yo‘li foydalanish uchun ochildi (video)
Jamiyat
−
18:59 593 2 daqiqa
Toshkent shahrining Shahrisabz ko‘chasida BRT yo‘lagining birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, loyihaning birinchi bosqichi Shahrisabz, Mirobod va Shota Rustaveli ko‘chalari tutashgan aylanma chorrahadan Amir Temur shoh ko‘chasi bilan kesishmagacha bo‘lgan 1,2 kilometrlik hududni qamrab olgan.
Qurilish jarayonida yo‘lning faqat asfalt qoplamasi yangilanmasdan, uning ostki konstruksiyasi ham to‘liq qayta qurilgan. Ayrim joylarda 2 metrdan ortiq chuqurlikda qazish ishlari amalga oshirilib, yo‘l poydevori qayta shakllantirilgan.
Grunt namligi, tuproq siljishi va keyinchalik cho‘kish xavfini kamaytirish uchun geotekstil qoplamasi yotqizilgan. Keyin yo‘l asosi 35 santimetrlik qum-shag‘al aralashmasi, M-75 markali mustahkamlovchi qatlam, 9 santimetrlik yirik donali asfalt-beton va 5 santimetrlik PSHMA-20 qoplamasi bilan mustahkamlangan.
Yangi BRT infratuzilmasi doirasida 5 ta avtobus bekati tashkil etilgan. Avtobuslar uchun alohida harakat yo‘lagi shakllantirilib, u umumiy transport oqimidan bordyurlar orqali ajratilgan.
Ma’lum qilinishicha, qurilish ishlari davomida transport harakati to‘liq to‘xtatilmagan. Ishlar yo‘lning markaziy tasmalarida bosqichma-bosqich bajarilib, chetki o‘ng tasmalarda harakat saqlab qolingan.
Shahrisabz ko‘chasidagi 1,2 kilometrlik qism BRT loyihasining birinchi bosqichi hisoblanadi. Umumiy loyiha doirasida ko‘chaning qariyb 3 kilometrlik qismida BRT yo‘lagini tashkil etish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi Shahrisabz ko‘chasida BRT (tezkor avtobus transporti) yo‘lagini tashkil etish ishlari boshlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi