Hokim mahallini “sharmandali”, fuqaro uylarini “uyatli” deb e’lon qildi (video)
Jamiyat
−
11:52 2933 3 daqiqa
Toshkent viloyatining Chinoz tumani hokimi Sherzod Abduhakimovich Solihov yig‘ilishda tumanda hududi obodonlashtirilmagan va tartibga keltirilmagan mahallalarga “Sharmandali mahalla” hamda talab darajasida saqlanmagan xonadonlarga esa “Uyatli xonadon” yozuvlarini o‘rnatishni buyurdi. Bu haqda tuman hokimligining axborot xizmati Telegram-kanalida majlis videosidan parchani e’lon qildi.
Hokim “Birlik” mahallasida o‘tkazilgan yig‘ilishda mazkur mahalla viloyat rahbariyati topshirig‘i asosida tayanch hudud sifatida tanlanganini aytgan. Bunga sabab esa yo‘l bo‘yida joylashgani va ko‘pchilik e’tiboriga tushadigan hududlardan biri ekani bo‘lgan.
Shuningdek, Solihov Birlik mahallasidagi obodonlashtirish ishlari belgilangan talablar darajasida emasligini tanqid qilgan. Uning ta’kidlashicha, mahallaga kirish qismidan boshlab hududning holati qoniqarsiz ekani ko‘zga tashlanadi.
“Birlik”ni mahalla yettiligi tushunib yetilmayapti. Hozir kirganingizda bitta rayhon ham ekilmagan, bitta gul ham ekilmagan, bitta ko‘chat ham ekmagan. Ko‘chalarda o‘tlar bel barobar bo‘lib ketgan. O‘rilmagan, o‘rilgan o‘tlar ham to‘pdek-to‘pdek bo‘lib yotibdi. “Sharmandali mahalla” deb aytsa bo‘ladimi, bo‘lmaydimi!?”, degan hokim.
Shundan so‘ng u “Birlik” mahallasidagi mavjud holatni ko‘rsatish maqsadida hududga ramziy tarzda “Sharmandali mahalla” yozuvini o‘rnatish kerakligini ta’kidlagan.
“Bu narsani suratga ham oling. Bundan boshlab Birlik mahallasi – Sharmandali mahalla”, degan hokim buva.
Yig‘ilish davomida mahallalarga biriktirilgan korxona va tashkilot rahbarlari faoliyati ham muhokama qilingan. Solihovning aytishicha, hududlarga biriktirilgan rahbarlar o‘z vazifalarini faqat qog‘ozda emas, amalda bajarishi kerak.
U rahbarlarga o‘zlariga biriktirilgan mahallalarga borib, mavjud muammolarni o‘rganish, obodonlashtirish ishlarini tashkil qilish va bajarilgan ishlar bo‘yicha hisobot taqdim etish vazifasini topshirgan.
Shu bilan birga, birinchi bo‘lib aynan mahalla raislarining xonadonlari alohida nazorat qilinishi qayd etilgan. Bunda Solihov raislar uylarining tashqi ko‘rinishi, darvoza va devorlarning holati, hovli atrofi, ko‘cha bo‘yidagi obodonlashtirish ishlari hamda gul va rayhonlar ekilgani tekshirilishini bildirgan.
“Mahalla raisining uyiga borasizlar. Darvozasi bo‘yalganmi, devorlari oqlanganmi, ko‘chasida gul bormi, rayhon ekilganmi hammasini ko‘rib, suratlarini yuborasizlar”, deb aytgan Chinoz hokimi.
Solihov, shuningdek, kamchiliklar qisqa muddat ichida bartaraf etilmasa, ayrim xonadonlarga ham “Uyatli xonadon” degan baho berilishi va mazkur yozuvli plakatlar ilinishini iddao qilgan.
Majlisda “mahalla yettiligi” a’zolariga ham hududlarda obodonlashtirish ishlarini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan. Ular ertalabdan ko‘chalarga chiqib, hasharlar tashkil etishi, hududlarni tozalashi, devorlarni oqlashi, daraxt, gul va rayhonlar ekilishini ta’minlashi kerakligi ta’kidlangan.
Bundan tashqari, hokim tomonidan ko‘p qavatli uylar atrofi, ko‘chalar va xiyobonlarni tartibga keltirish, tomorqalardan samarali foydalanish hamda yuqori daromadli takroriy ekinlarni ekish bo‘yicha ishlarni yo‘lga qo‘yish vazifalari topshirilgan.
Hokim buvaning mazkur “tashabbusi” OAVlarda keng muhokamalarga sabab bo‘la boshlaganidan so‘ng, tuman hokimligining matbuot xizmati e’lon qilgan videosini o‘chirib yuborgan.
Ma’lumot uchun, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 16 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahallalarda obodonchilikni rag‘batlantirish maqsadida yil yakuni bilan “Eng orosta xonadon”, “Eng fayzli hovli”, “Eng obod ko‘cha” hamda “Eng namunali mahalla” kabi nominatsiyalar joriy etilishi ma’lum qilingan edi.
Eslatib o‘tamiz, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanov mahallalardan birida “tozalik reydi” o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda hokim xonadonlardan biriga kirib, uy-joy hududidagi tartibsizliklar, chiqindilar va sanitariya holatini tanqid qilgani ko‘rinadi.
Shundan so‘ng, mazkur holat yuzasidan Antikorrupsiya agentligi hokimga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazishni so‘ragan edi.
Live
Barchasi