“Tozalik reydi” o‘tkazgan hokim ustidan xizmat tekshiruvi o‘tkazish so‘raldi

Jamiyat

image

Avvalroq, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanov mahallalardan birida “tozalik reydi” o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda hokim xonadonlardan biriga kirib, uy-joy hududidagi tartibsizliklar, chiqindilar va sanitariya holatini tanqid qilgani ko‘rinadi. Mazkur holat yuzasidan Antikorrupsiya agentligi hokimga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazishni so‘radi.

Bildirilishicha, har qanday darajadagi rahbar fuqarolar bilan muloqotda davlat xizmatchisi odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya qilishi shart. Fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligini buzish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish, shuningdek, asoslanmagan ma’muriy bosim o‘tkazish qonunchilikka va etika me’yorlariga mutlaqo zid. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalari buzilishining oldini olishga qaratilgan ishlarni muvofiqlashtirish vakolati doirasida viloyat hokimligiga holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda xizmat tekshiruvi o‘tkazish hamda huquqiy baho berish bo‘yicha taqdimnoma kiritgan.

Eslatib o‘tamiz, hokim Samad Hasanov xonadon egasiga yashash joyini saranjom saqlash, chiqindilarni belgilangan tartibda chiqarish hamda hovli-joy obodligiga e’tibor qaratish kerakligini tushuntirgan. Shuningdek, hokim uy va hovlidagi ayrim joylarda yig‘ilib qolgan chiqindilar, qarovsiz holatdagi hududlar hamda ro‘zg‘ordagi tartibsizliklarga e’tibor qaratib, bunday vaziyat yashash sharoitiga salbiy ta’sir qilishini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing