“Jarima urasiz”. Shahrisabz hokimi uylardan birida “tozalik reydi” o‘tkazdi (video)

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanovning mahallalardan birida o‘tkazgan o‘rganish jarayoni aks etgan video tarqaldi. Videoda hokim xonadonlardan biriga kirib, uy-joy hududidagi tartibsizliklar, chiqindilar va sanitariya holatini tanqid qilgani ko‘rinadi.

 

Lavhalarda hokim xonadon egasiga yashash joyini saranjom saqlash, chiqindilarni belgilangan tartibda chiqarish hamda hovli-joy obodligiga e’tibor qaratish kerakligini tushuntirgan.

Hokim uy va hovlidagi ayrim joylarda yig‘ilib qolgan chiqindilar, qarovsiz holatdagi hududlar hamda ro‘zg‘ordagi tartibsizliklarga e’tibor qaratib, bunday vaziyat yashash sharoitiga salbiy ta’sir qilishini ta’kidlagan.

“Bu xonadonga tashqaridan qaragan odam uni tashlab ketilgan qabriston deb o‘ylaydi. O‘choqni yonishiga suprundi yig‘ilgan. Qanday odat bu? Mana, deraza taglariga, uy yon-atrofiga qarang. Chiqindilar yig‘ilib qolgan. Oshxona atrofida ham supurindilar tartibsiz holda tashlab qo‘yilgan. Bu qanday odat? Axir bu ayolni ham bir ona tarbiyalagan, uning ham farzandlari bor, ertaga u kelin-kuyov ko‘radi”, deydi tuman hokimi.

Tasvirlarda hokim tomonidan mahalla raisi deya tanishtirilgan ayol ham uy egasini koyigani ko‘rinadi.

“Necha marta mahalla kelib uyingizga aytgan tozalashni? Mana, qo‘shnilaringizdan so‘rang. Mana bu ko‘chani o‘tini nega tozalashdi, bilasizmi? Gapirganimiz uchun, ana shu ko‘chani tozaladi bolalaringiz. Xaltalarda axlat turardi, esingizdami? Nima uchun sizni to‘g‘ri yashashingizni tashqaridan kelib kimdir aytishi kerak?” deydi ayol.

U xonadonning tashqi ko‘rinishi va yashash sharoitiga ham e’tibor qaratib, uyning qarovsiz holati sabab bu yerda hech kim yashamaydi, degan taassurot paydo bo‘lganini aytgan.

Shuningdek, hokim xonadondagi tartibsizlik nafaqat bugungi holat, balki oilaviy muhit va kelajakka ham ta’sir qilishini ta’kidlagan.

“Ertaga shu ro‘zg‘orga normal odam kelin bermaydi”, deydi uyni ko‘zdan kechirarkan.

Videoning so‘ngida hokim aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha choralar ko‘rilishini bildirgan. U fuqarolardan uzr yoki iltimos kutmasligini, asosiy masala mavjud muammolarni bartaraf etish va amaliy natijaga erishish ekanini ta’kidlagan.

“Hozir jarimani urasiz. Uy, axlat hammasi uchun. Menga birontasidan iltimos qildi, kechirim so‘radi degan gap kerak emas”, deydi Samad Hasanov.

Hozircha mazkur holat yuzasidan Shahrisabz tumani hokimligi yoki boshqa vakolatli tashkilotlar tomonidan rasmiy munosabat bildirilmagan. Shuningdek, holatning videoga olinib, tarqatilishi va unda izza qilingan fuqaroning ko‘rsatilishi jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining 10 ta tumani hokimlariga nisbatan korrupsion holatlar nazoratini amalga oshirish maqsadida xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing