O‘ta ketgan alahsirash – Qozog‘iston TIV rahbari rus deputatining hududiy iddaolariga javob qaytardi

Olam

image

Avvalroq, RF Davlat Dumasining Ta’lim va fan bo‘yicha qo‘mitasi raisi Vyacheslav Nikonov Qozog‘iston yerlari SSSR va Rossiyaning sovg‘asi ekanini aytib chiqqani haqida xabar bergan edik. Bundan keyin Qozog‘iston rasmiy Moskvaga nota topshirgandi.

Ammo na rus siyosatchilari tashviqotini to‘xtatish niyatida, na Nur-Sulton bu ishning “etagini” qo‘yib yubormoqchi. Bugun, 23 dekabr kuni Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi rossiyalik ikki deputatning qozoq yerlari haqida aytgan iddaolariga munosabat bildirdi.

“Tushunyapsizmi, aslida, juda dolzarb masala. Biz deputat Nikonovning chiqishidan keyin RF elchixonasining vaqtinchalik vakilini TIV binosiga chaqirdik, chunki elchi Moskvada xizmat safarida edi. Mening o‘rinbosarim uni qabul qilib, unga rasmiy nota topshirdi va TIV pozitsiyasini bildirdi. Mavjud amaliyotga ko‘ra, ular rasmiy ravishda javob bermayapti, ammo bizga chora ko‘rilgani haqida ma’lum qilishdi. Ular parlament va Prezident Administratsiyasi bilan bog‘lanib, bunday so‘zlarni nashr etmaslik kerakligini aytib, tanqid qilishgan. Fyodorovning so‘zlari haqida gapirsak, u ham kecha takrorladi, qozoq va Qozog‘iston fuqarosi sifatida bu mening g‘ururimni toptayapti. Oliy ma’lumotli, Vatanimiz tarixini bilgan odam sifatida men bu gaplarga quyidagicha javob qaytargan bo‘lardim: o‘ta ketgan alahsirash. Bunday masalalar ko‘tarilganda avvalo tarixchi, olimlarga yuzlanish kerak. Tashqi ishlar vaziri sifatida aytmoqchimanki, bu shak-shubhasiz Rossiya Federatsiyasining rasmiy pozitsiyasiga to‘g‘ri kelmaydi”, degan vazir Majlis yig‘ilishida.

Muxtar Tleuberdi ikki davlat o‘zaro chegarasi qonunchilik darajasida delimitatsiya qilinganini eslatib o‘tgan. Bu masalada ikki tomonlama kelishuv imzolangan.

“Hozir biz davlat chegarasining demarkatsiyasini o‘tkazyapmiz. Pandemiya tufayli bu jarayon to‘xtatildi, shuning uchun biz uch yil ichida demarkatsiyani yakunlaymiz. Ikki davlat o‘rtasida strategik sheriklik shakllangan. Barcha ikki tomonlama hujjatlarda bu aniq ko‘rsatilgan va shuning uchun biz Rossiya Federatsiyasi bilan o‘zaro munosabatlarni xalqaro huquq asosida rivojlantiramiz”, degan TIV rahbari.

Ma’lumot uchun, Muxtar Tleuberdi o‘z nutqida eslatib o‘tgan Fyodorov bu Davlat Dumasi deputati Yevgeniy Fyodorov. U bundan bir necha kun oldin Nikonovning hududiy iddaolarini davom ettirib, o‘z fikrlarini anchayin qo‘pol tarzda bildirgan.

Fyodorov Qozog‘iston Rossiya yerlarini ijaraga olganini aytib, mamlakat hududi RFning sovg‘asi ekanini tan olmasligini tushunolmayotganini ta’kidlab o‘tgan. Jumladan, u shunday degan:

“Nikonov yangi hech nima aytmadi, qolaversa, bungacha Putin ham gapirgandi. Faqat Putin sub’ekt sifatida Qozog‘istonni ko‘rsatmagan. Hatto Qozog‘istondan bir amaldor izoh berib, Putin Ukrainani nazarda tutganini aytgandi. Nega Qozog‘istondagi amaldor Putin nimani nazarda tutganini uning o‘rniga hal qilyapti, men tushunmadim.

Qozog‘istonning rasmiy idorasi aytyapti: “Biz hech qanday sovg‘ani eslolmaymiz. Bu tuhfa emas, biz uni tortib olganmiz. Eh, tortib olgan bo‘lsangiz, keling siz bilan boshqa tilda gaplashamiz, qozoq yigitlar. Mehribon rus sizga sovg‘a bersa, uni qadrlasangiz yaxshi, Qozog‘iston TIV qilganidek unga tupursangiz, bu boshqa masala.

Hududlarni qaytarish va 1991 yildagi noqonuniy qarorlarni tiklash masalasini ko‘tarsak, bizda birgina to‘siq bor bu – axloqiy cheklov. Do‘stdekmiz, janjallashish yaxshi emas, deymiz. Ammo, aftidan, biz do‘st emasmiz va bizning sovg‘alarimizni qadrlamayapsizlar, siz bizga yeng shimaryapsiz. Ya’ni, so‘nggi, axloqiy tomonlama dastak Qozog‘iston TIVning bayonotidan keyin quladi.

Men nima deyotganimni tushunyapsizlarmi? Demak, siz buni sovg‘a sifatida tan olmasangiz, qaytaring, negaki, siz noqonuniy olgansiz, Rossiya uni talab qilishi kerak”.

Fyodorov bulardan tashqari, SSSR parchalanganda respublikalar belgilangan normalarni buzgan holda undan chiqib ketganini ham aytib o‘tgan. Shuningdek, u Qozog‘iston yerlarini Sobiq Ittifoqdan ijaraga olganini iddao qilgan. Deputatga ko‘ra, mustaqil Qozog‘istonning 100 foiz hududi SSSRdan ijaraga olingan. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Qozog'iston

Baholaganlar

412

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing