Rossiya va Qozog‘iston yadro qurolini tarqatmaslik bo‘yicha kelishib oldi

Olam

image

Rossiya va Qozog‘iston yadro qurolini tarqatmaslik sohasidagi ko‘p tomonlama mexanizmlarni qo‘llab-quvvatlaydi, shuningdek, kosmosda qurollar joylashtirilishining oldini olish bo‘yicha hamkorlik qiladi. Bu haqda Rossiya va Qozog‘iston Prezidentlari Vladimir Putin va Qosim-Jomart To‘qayevning Ostonadagi muzokaralarda qabul qilingan qo‘shma bayonotida so‘z borgan. 

“Tomonlar Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaning asosiy tamoyillariga muvofiq yadro qurolini tarqatmaslik sohasidagi ko‘p tomonlama mexanizmlarni – yadro qurolini tarqatmaslik, qurolsizlanish va atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishni qo‘llab-quvvatlash niyatida”, deyiladi hujjatda. 

Shu bilan birga, Rossiya va Qozog‘iston bir vaqtning o‘zida koinotda qurol-aslaha joylashtirilishiga va kosmik ob’ektlarga nisbatan kuch ishlatish yoki kuch ishlatish bilan tahdid qilishga qarshi chiqish, shuningdek, kosmosga birinchi bo‘lib qurol joylashtirmaslik to‘g‘risida siyosiy majburiyat olish tashabbusini ilgari surish niyatida.

Hujjatga ko‘ra, shuningdek, ikki davlat biologik xavfsizlik va axborot makonida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha hamkorlik qiladi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 9 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Qozog‘istonga tashrif buyurib, Ostonada mavqedoshi Qosim-Jomart To‘qayev bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot va ikki davlatning 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasi imzolandi.

Bundan tashqari, ikki mamlakat o‘rtasida quyidagi shartnomalar imzolangan:

•    Energetika vazirliklari o‘rtasida Qozog‘istonning uchta shahrida issiqlik elektr stansiyalarini qurish loyihalari bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum;

•    Rossiya Federatsiyasi Sport vazirligi va Qozog‘iston Turizm va sport vazirligi o‘rtasida 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan ikki davlat o‘rtasida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi; 

•    Rossiya Federatsiyasi Federal bojxona xizmati va Qozog‘iston Moliya vazirligining Davlat daromadlari qo‘mitasi o‘rtasida 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi; 

•    Rossiya Federatsiyasi Mehnat va bandlik federal xizmati va Qozog‘iston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi mehnat qo‘mitasi o‘rtasida mehnat inspeksiyasi masalalari bo‘yicha o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandum;

•    Rossiyaning TASS axborot agentligi va “Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti teleradiokompleksi” mediaxoldingi o‘rtasida axborot sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashni nazarda tutuvchi axborot hamkorligi to‘g‘risidagi bitim.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Qozog'iston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing