Rossiyadan Qozog‘iston yerlariga iddao bo‘ldi. Nur-Sulton Kremlga norozilik bildirdi
Olam
−
12 dekabr 2020
17941Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Marat Sizdikov Rossiya Federatsiyasining muvaqqat ishonchli vakili Aleksandr Komarov bilan uchrashuv chog‘ida RF Davlat Dumasi deputati Vyacheslav Nikonovning respublika hududi to‘g‘risida OAVda bergan bayonotidan norozi ekanini bildirdi. Rossiyalik diplomatga Qozog‘iston TIV tomonidan norozilik notasi topshirildi.
“Rossiya Federatsiyasining muvaqqat ishonchli vakili Aleksandr Komarov Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Uchrashuv vaqtida Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Marat Sizdiqov Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasining Ta’lim va fan bo‘yicha qo‘mitasi raisi Vyacheslav Nikonovning "Birinchi" telekanalida “Qozog‘iston hududi Rossiya (va SSSR) ning ajoyib sovg‘asi” degan bayonotiga e’tiroz bildirdi”, deyiladi xabarda.
Tashqi ishlar vazirligi ba’zi rossiyalik siyosatchilarning Qozog‘istonga qarshi tez-tez provokatsion hujumlari davlatlar o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlariga jiddiy putur yetkazishini qayd etdi.
“Qozog‘iston TIV bunday iddaolarga Rossiya tomonidan munosib baho berilishini kutadi va bundan buyon RF siyosatchilarining bunday bayonotlar berishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi. Rossiyalik diplomatga Qozog‘iston TIVning nuqtai nazari bildirilgan nota topshirildi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Vyacheslav Nikonov "Birinchi" telekanali efirida Qozog‘iston degan davlat bo‘lmagani haqida fikr bildirdi. Jumladan, u shunday degan:
"Qozog‘iston shunchaki mavjud emasdi, shimoliy Qozog‘iston umuman o‘zlashtirilmagandi. Ular mavjud edi, ammo janubda. Aslida, Qozog‘iston hududi Rossiya va Sovet ittifoqining katta sovg‘asi. Markaziy Osiyo davlatlari – u yerda ham murakkab jihatlar bor".
LiveBarchasi