Toshkentlik tadbirkorlar ovozi Prezidentga yetib bormagach, reklama banneri orqali murojaat yo‘lladi
Jamiyat
−
19 may 2021
14677Joriy yilning aprel oyida Toshkent shahrida tashqi reklama qurilmalarining sudsiz buzib tashlanishi kun tartibiga chiqib, ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘lgandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorlarning noroziligi aks etgan o‘nlab videomurojaatlar tarqaldi. Bir muddat o‘tgach, bu mavzu atrofidagi norozilik va muhokamalar susaygan bo‘lsada, tadbirkorlarning reklama bannerlarini sudsiz buzish ishlari hamon davom etyapti.
Reklama bannerlari orqali biznesini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar sudsiz jazolashlarga qarshi yangicha usulda kurasha boshladi. Bugunga kelib, shahardagi bir nechta reklama bannerlariga quyidagi gaplar yozib qo‘yildi:
"Ushbu reklama qurilmasi faqat sud qarori asosida demontaj qilinishi mumkin. Hurmatli Prezidentimiz, bizga yordam bering!"
Mulki sudsiz qurbon qilinishidan xavotirda bo‘lgan “Leader print” MCHJ vakili Bilol Abdumalikov QALAMPIR.UZ’ga yo‘llagan murojaatida bo‘layotgan ishlar qonunga zid ekanini aytib, bunday qonunsizlikka qarshi qanday kurashishlarini bilmay, boshlari qotganini ma’lum qildi.
Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, poytaxt bo‘ylab uning 30 ta tashqi reklama ob’ektlari o‘rnatilgan va u tirikchilik manbai bo‘lgan bannerlar qachon buzilar ekan degan xavotir bilan yashamoqda.
Qayd etish kerakki, tadbirkorlarning reklama bannerlari buzilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil – Biznes-ombudsman, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda jamoatchilik vakillari munosabat bildirdi.
Biznes-ombudsman holat yuzasidan o‘rganish o‘tkazilayotganini, qo‘mita esa poytaxtdagi reklama bannerlarining 50 foizga yaqinida kamchilik aniqlanganini ma’lum qildi.
Shuningdek, qo‘mita Toshkentda o‘rnatilgan tashqi reklama ob’ektlarini tartibga keltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarda qatnashayotgan barcha ishtirokchilaridan ishlarni qat’iy ravishda “Reklama to‘g‘risida”gi qonun va Vazirlar Mahkamasining “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori talablari asosida o‘tkazishni, tashqi reklama ob’ektlari shaharlar, shu jumladan poytaxt Toshkentning tashqi me’moriy qiyofasi saqlanishiga, shaharsozlik me’yorlariga va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlanishiga hamda reklama to‘g‘risidagi qonun talablariga zid amalga oshirmaslikka chaqirdi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr