Urush Ukrainaning qancha ekin maydonini yo‘q qiladi?

Olam

image

Ukrainadagi ekin maydonlarining yo‘qolishi kuzgi ekinlarning 41 foizini va bahorgi ekinlarning 39 foizini tashkil qilishi mumkin. Bu haqda Ukrainaning “APK-Inform” portalida chop etilgan tahliliy maqolada aytiladi

“Umuman olganda, bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022 yilda bahorgi ekinlar maydoni atigi 4,7 million gektarni tashkil qilishi mumkin, bu o‘tgan yilga nisbatan (7,7 million gektar) 39 foizga kam”, deyiladi maqolada. 

Ta’kidlanishicha, Ukraina uchun kuzgi ekinlarni yig‘ib olishda bundan ham kattaroq yo‘qotishlar kutilmoqda — ular 41 foizga yetishi mumkin, bu 3,1 million gektarga to‘g‘ri keladi. 

“Gap birinchi navbatda Xerson, Donetsk, Lugansk, Zaporoje, Nikolayev, Xarkov, Sumi, Chernigov va Kiyev viloyatlari haqida ketmoqda”, deyiladi maqolada. 

Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal esa kecha, 31 mart kuni Ukraina hukumatining “ehtiyotkorlik prognozlari”ga ko‘ra, bahorgi ekin maydonlarining yo‘qotilishi 20 foizdan oshmasligini aytgan. 

Ma’lumot o‘rnida, Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eng yirik eksportchilaridan biridir. 2021 yilda u 12 milliard dollardan ortiqqa baholangan don eksport qilgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

9

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing