Urush sabab qancha ukrainalik uyini tashlab ketdi?
Olam
−
22 mart 2022
6869Joriy yilning 24 fevralida boshlangan urush davomida 10 mlndan ziyod ukrainalik o‘z uyini tashlab ketgan. Ulardan 6,5 millionga yaqini ichki qochqin hisoblanadi. Bu haqda Xalqaro migratsiya tashkiloti ma’lum qildi.
“Ko‘chirilganlarning aksariyati zaif qatlam vakillari, ya’ni homilador va emizikli ayollar, qariyalar, nogironlar, surunkali kasalliklarga chalinganlar hamda zo‘ravonlikdan bevosita jabrlanganlar hisoblanadi”, deyiladi XMT bayonotida.
Qayd etilishicha, 6,5 million ichki qochqinning taxminan 13,5 foizi ikkinchi marta ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lgan. Ular birinchi marta 2014-2015 yillarda uylarini tark etgan. Ichki ko‘chirilganlarning 53 foizdan ortig‘ini ayollar tashkil etadi. Ularning barchasi moliyaviy resurslarga muhtoj, aksariyatiga dori-darmon va tibbiy yordam zarur.
3,3 milliondan ortiq kishi Ukrainadan qo‘shni davlatlarga qochib ketgan. Ular orasida uchinchi davlatlarning 186 ming fuqarosi bor.
“Mamlakatni tark eta olmagan ichki ko‘chirilganlarga yordam ko‘rsatish bizning ustuvor vazifamizdir. Bizning jamoalarimiz minglab odamlarga yordam bermoqda, biroq eng ko‘p jabrlangan hududlarda bo‘lganlarga faqat jangovar harakatlar to‘xtatilgandagina yordam bera olamiz”, deyiladi bayonotda.
Ukrainadagi vaziyat yomonlashgani sabab, mamlakat ichidagi ichki ko‘chirilganlar shoshilinch gumanitar yordamga muhtoj. Jangovar harakatlar ketayotgan hududlarda qolib ketgan aholini qutqarish uchun zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatish va ularning xavfsiz ko‘chishi uchun sharoit yaratish kerak.
Avvalroq, urush boshlanganidan beri Ukrainada 117 bola halok bo‘lgani aytilgan edi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi
LiveBarchasi