“Urush badalini oddiy odamlar o‘z hayoti bilan to‘laydi”. Zelenskiy rus tilida murojaat yo‘lladi
Olam
−
24 fevral 2022
23223Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi.
Prezident Zelenskiy videomurojaat avvalida ukrainlarga G‘arb davlatlari rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan so‘nggi muzokaralar haqida ma’lumot bergan. Keyingi fiklarini rus tilada davom ettirib, rus qo‘shinlarining ikki davlat o‘rtasidagi chegarani kesib o‘tishi “katta urush” boshlanishiga sabab bo‘lishini aytgan.
Ikki tildagi murojaatda Zelenskiy Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali gaplashishga uringanini ma’lum qilgan.
“Natija – sukunat, garchi sukunat Donbassda bo‘lishi kerak bo‘lsa ham”, deydi u.
Shuningdek, Zelenskiy rossiyaliklarga Prezident emas, balki Ukraina fuqarosi sifatida murojaat qilayotganini urg‘ulagan. Uning eslatishicha, Rossiya va Ukraina 2 000 kilometrdan ortiq umumiy chegaraga ega – “sizning qo‘shinlarigiz bugun uning yonida turibdi”, degan u. Unga ko‘ra, bular 200 mingga yaqin harbiy xizmatchi va ko‘plab harbiy texnikalardir.
“Sizning rahbariyatingiz ularning boshqa davlat hududiga qadam qo‘yishini ma’qulladi va bu qadam katta urushning boshlanishi bo‘lishi mumkin”, deya ogohlantirgan Ukraina rahbari.
Zelenskiyga ko‘ra, “ruslar va ukrainlar bir-biridan farq qiladi, lekin bu dushman bo‘lish uchun sabab emas”.
“Ukraina xalqi, hukumati tinchlikni xohlaydi va qo‘lidan kelganini qiladi. Urush – bu katta muammo, buning uchun siz yaqinlaringiz va o‘z hayotingiz bilan badal to‘lashingiz kerak. Urush barchani kafolatidan mahrum qiladi, hech kim xavfsizlik kafolatiga ega bo‘lmaydi. Bundan kim ko‘proq aziyat chekadi? Odamlar”, deydi Prezident.
Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari maxsus harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qilgandi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Ukraina IIV maslahatchisi esa Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirilganini ma’lum qildi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi.
Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi.
Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi.
Shuningdek, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
LiveBarchasi