Urgutda giyohvand modda sotgan maktab direktori qamaldi
3-sahifa
−
08 aprel
4405Samarqand viloyati Urgut tumanidagi maktab direktori giyohvandlik moddalarini sotish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgani uchun 10 yilga qamaldi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Ma’lum qilinishicha, F.X. ismli shaxs tumanda joylashgan maktablarning birida direktor sifatida faoliyat olib borgan. U muqaddam ham Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi bilan aybli deb topilib, 2 yil 2 oy muddatga axloq tuzatish ishlari bilan jazolangan.
Sud hujjatiga ko‘ra, F.X. 2024 yil avgust oyining boshlarida Urgut tumani “Murodqishloq” mahallasida yashovchi mahalladoshi Sh.A. bilan ko‘p miqdordagi opiy giyohvandlik vositasini Samarqand viloyati hududida sotib o‘tkazish maqsadida oldindan jinoiy til biriktiradi. Sh.A. tergovda shaxsini aniqlash imkoni bo‘lmagan shaxsdan 1 kg opiy giyohvandlik moddasi pulini sotganidan so‘ng berish sharti bilan olgan. Tuzilgan rejaga muvofiq maktab direktori va sherigi 2024 yil 27 noyabr huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan giyohvand moddani 12 ming AQSH dollariga sotmoqchi bo‘lgan vaqtda ushlangan.
Sobiq direktor sud majlisida qo‘yilgan aybga qisman iqrorlik bildirgan. Uning sherigi ham o‘z aybiga qisman iqrorlik bildirgan va bo‘lgan hodisalarni sudga tasdiqlagan.
Sudlanuvchi F.X. sud hukmi bilan 25,273-moddasi (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan va o‘n yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Sh.A. ham ushbu moddada nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan va unga 11 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida qaynonasining yashash xonadonida narkolaboratoriya tashkil qilgan shaxs ushlangandi.
LiveBarchasi