Nepalda maktab direktori 900 o‘quvchini toshqindan qutqarib qoldi

Olam

image

Nepalning Nuvakot tumanidagi o‘rta maktab direktori Rajendra Davadi joriy yilning 26 avgust kuni Nepal va Xitoy chegaradosh hududiga yopirilgan halokatli sel oqimidan o‘z maktabining 900 nafar o‘quvchisini qutqarib qoldi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Rajendra Davadi 1600 nafar bola tahsil oladigan “Tribhuvan Trishuli” o‘rta maktabini boshqaradi. 26 avgust kuni u yaqinlashib kelayotgan sel oqimi haqida to‘rtta ogohlantirish olganyu Ulardan biri qo‘shni Betravati shahridan kelgan. Shundan so‘ng, direktor darslarni bekor qilishga qaror qilgan va barcha o‘quvchilarga zudlik bilan balandlikka ko‘tarilishni buyurgan.

“Men ortiq paysalga solish kerak emas deb qaror qildim. Hatto suv toshqini sodir bo‘lmaganda ham, bu bor-yo‘g‘i bitta o‘quv kuni yo‘qotilishi bo‘lardi, xolos”, deydi direktor.

Evakuatsiya davom etayotgan bir vaqtda direktor sel oqimi daryodan taxminan 100 metr uzoqlikda joylashgan yotoqxona binosini qamrab olganini ko‘rgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, atigi o‘n daqiqalik kechikish maktabdagilarning barchasi halok bo‘lishiga olib kelishi mumkin edi.

“Meni va sinfdoshlarimni o‘limdan atigi o‘n soniya ajratib turdi”, deydi 16 yoshli o‘quvchi Yunisha. 

Uning aytishicha, suv va vayronalar shaharni bosib olayotgan bir paytda bolalar so‘qmoq bo‘ylab yuqoriga yugurgan. Sel kelganidan uch kun o‘tib Yunisha o‘z oilasi bilan qayta topishgan.

Ofat Nepalning boshqa hududlariga ham zarba bergan. Suv toshqinidan eng ko‘p jabr ko‘rgan joylardan biri bo‘lgan Dadingda bir guruh o‘quvchilar suv urilgan paytda tushlik tanaffusida bo‘lganliklari sababli omon qolgan. Boshqa maktablarda o‘qituvchilar suv yopirilib kelishidan bir lahza oldin bolalarga portfel va tushlik qutilarini tashlab yugurishni buyurib, ularni sinfxonalardan olib chiqishga ulgurgan.

“Save the Children” xayriya tashkilotining xabar berishicha, suv toshqini mamlakatdagi kamida 69 ta maktabni vayron qilgan yoki zarar yetkazgan, bu esa deyarli 19 ming bolaga ta’sir ko‘rsatgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nepal va Xitoyda yuz bergan halokatli suv toshqinlari oqibatida vafot etganlar soni ming nafardan oshgani haqida xabar berilgan edi. Xususan, Nepalning o‘zida 987 kishi halok bo‘lgan, qariyb 4 ming kishi bedarak yo‘qolgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing