Umra vizasi vaqtincha to‘xtatildi – Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Jamiyat
−
27 fevral 2020
7958Avvalroq, Saudiya Arabistoni podshohligi Umra ziyoratini amalga oshirishni vaqtincha to‘xtatib qo‘ygani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlar bo‘yicha qo‘mita mazkur xabarlar bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.
“Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vazirligi 2020 yil 27 fevral kunidan e’tiboran, dunyoning barcha mamlakatlari uchun “Umra” vizasini taqdim etishni vaqtincha to‘xtatdi”, deyiladi qo‘mita xabarida.
Ushbu chora karonavirusga qarshi kurash doirasida amalga oshirilayotgani ta’kidlangan. Saudiya hukumatining ushbu masala bo‘yicha rasmiy qarori va bayonoti bugun e’lon qilinishi kutilmoqda.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 48 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, AQSH, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal, Ispaniya, Belgiya, Livan, Misr, Eron, Isroil, Iroq, Bahrayn, Afg‘oniston, Quvayt, Ummon, Braziliya, Xorvatiya, Shveysariya, Avstriya, Jazoir, Gruziya, Gretsiya, Shveysariya, Shimoliy Makedoniya, Norvegiya va Ruminiyada aniqlandi.
Koronavirusdan bugungacha 2804 kishi halok bo‘ldi, 82 183 kishi virus bilan kasallandi. JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi. JSST yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi.
LiveBarchasi