Umra litsenziyasi uchun arizalarni qabul qilish boshlandi
Jamiyat
−
14 mart
1750Umra litsenziyasini olish uchun tadbirkorlik sub’ektlaridan arizalarni qabul qilish boshlandi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita saytida e’lon qilindi.
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 12 oktyabrdagi “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mazkur sohadagi litsenziyalovchi vakolatli organ etib belgilangan.
Litsenziya – “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyati uchun yakka tartibdagi litsenziya sifatida yuridik shaxslarga taqdim etiladi.
Litsenziyani olish uchun taqdim qilinadigan hujjatlar:
1. Ariza. Unda quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:
- yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan yeri (pochta manzili), faoliyatni amalga oshirish joyining manzili, STIR, bank muassasasining nomi va bank hisobvarag‘i, litsenziya talabgorining litsenziya talablari va shartlariga rioya qilishga roziligi;
- tadbirkorlik sub’ekti rahbari va xodimlarining familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan yili, manzili, pasport (identifikatsiyalovchi ID-karta) ma’lumotlari;
2. Litsenziya talabgori tomonidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning “Ziyorat” jamg‘armasiga 1 mln AQSH dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdordagi mablag‘larni to‘langanini tasdiqlovchi hujjat.
3. “Umra” tadbirlari davomida ziyoratchilarga guruh rahbari etib diniy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassisni jalb qilish bo‘yicha O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuzilgan shartnoma nusxasi;
4. “Umra” xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vazirligining “Umra” litsenziyasiga ega bo‘lgan hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnoma nusxasi;
5. Ziyoratchilarni tashish va parvozlarni amalga oshirish bo‘yicha aviakompaniya(lar) tuzilgan hamkorlik shartnomasi nusxasi;
6. Tadbirkorlik sub’ektining ziyoratchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishi uchun zamonaviy jihozlangan binoda faoliyat yuritishi to‘g‘risidagi ma’lumot;
7. Tadbirkorlik sub’ektining fuqarolik javobgarligini sug‘urtalashni tasdiqlovchi sug‘urta polisining mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi.
Arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan yig‘im miqdori – bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari. Litsenziya berilganligi uchun davlat boji miqdori – bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan joriy yil 7 martdan 7 aprelga qadar (shu kuni ham 18:00 ga qadar) tadbirkorlik sub’ektlaridan litsenziya uchun arizalarni qabul qiladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 9 oktyabr kuni “Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining 300-sonli qarori qabul qilinib, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita litsenziyasining yangi shartlari e’lon qilingandi. Keyinroq, “Umra” tadbirlarini tashkil qilish uchun litsenziya berish bo‘yicha tanlov komissiyasining qaroriga muvofiq 12 ta tur firma tanlov g‘olibi deb topildi. Sayyohlik firmalarining 6 tasi Toshkent shahrida, 3 tasi Namangan viloyatida joylashgan. Shuningdek, Xorazm, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida ham bittadan litsenziyaga ega firmalar joylashgan.
LiveBarchasi
Trenddagilar

