Umra xizmatlarini reklama qilgan ikkita turfirma javobgarlikka tortildi
3-sahifa
−
07 fevral
8479Qoraqalpog‘istonda tegishli litsenziyaga ega bo‘lmay turib, ijtimoiy tarmoqlarda Umra xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha noqonuniy reklama tarqatgan ikkita turfirmaga nisbatan chora ko‘rildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda umra tadbirlarini litsenziyaga ega bo‘lmagan holda faoliyat yuritayotgan hamda litsenziyasi bor mahalliy turoperatorlar bilan hamkorlikda fuqarolarni ziyoratga yuborishga harakat qilayotgan vositachilar uchrab turibdi. Ular o‘z nomidan noqonuniy reklamalar joylashtirib bormoqda.
Shunday holatlar bo‘yicha qo‘mitaga Turizm qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasidan murojaat kelib tushgan. Murojaat asosidagi o‘rganishlarda aniqlanishicha, bugunga qadar Qoraqalpog‘istonda Umra litsenziyasiga ega turoperatorlar mavjud emas, ular Toshkent shahri va viloyat turkompaniyalari bilan hamkorlikda ziyoratlarni tashkil etishda ishtirok etmoqda.
“Shuningdek, murojaatda bildirilgan “Iskander Tours” hamda “OKS Tours” MCHJlar litsenziyasi mavjud emasligi, shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda Umra xizmatlarini ko‘rsatishga qaratilgan noqonuniy reklamalar joylashtirib borayotgani aniqlangan”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasiga binoan, tegishli sertifikatlari va litsenziyalari mavjud bo‘lmagan tovarlarni reklama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shunga ko‘ra, iste’molchilar huquqlarini himoyalash organining maxsus komissiyasi tomonidan, 2024 yil 1 fevral kuni Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan, “Iskander Tours” hamda “Oks Tours” MCHJlarga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, ikki firmaga bu holatni bartaraf etib, kelgusida bunday holatga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilish lozim bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan.
Ta’kidlanishicha, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi o‘z vakolati doirasida noqonuniy reklamalarning oldini olish maqsadida muntazam ravishda reklamalar nazoratini olib bormoqda.
“Hurmatli fuqarolar! Umra ziyoratiga borishdan avval birinchi navbatda, xizmat ko‘rsatuvchi korxonaning litsenziyasi bilan tanishing, so‘ng reklamada berilgan ma’lumotlarga jiddiy e’tibor berib, ishonch hosil qiling. Noqonuniy reklamalarga duch kelib, bu borada huquqlaringiz buzilgan taqdirda Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoniga murojaat qiling”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Din ishlari bo‘yicha qo‘mita fuqarolarga Umra ziyoratini reklama qilayotgan har qanday turfirmaning litsenziyasi mavjud yoki yo‘qligini tekshirishni tavsiya qilgandi.
LiveBarchasi