O‘lgani yaxshi bo‘ldi – Blinken Raisiyning o‘limi haqida
Olam
−
22 may
29923AQSH rasmiy hamdardligiga qaramay, Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy vafoti munosabati bilan motam tutmaydi. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken kecha, 21 may kuni Kongress Senatining Tashqi aloqalar qo‘mitasidagi tinglovda ma’lum qildi.
“Biz, albatta, uning o‘limi uchun motam tutmaymiz”, deydi u.
Davlat departamenti Raisiy vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirganiga e’tibor qaratgan senator Ted Kruzning (Texasdan respublikachi) izohiga Blinken shunday javob berdi.
Kruz ayni paytda Eron prezidentining vafoti munosabati bilan BMTning Jenevadagi shtab-kvartirasidagi bayroqlar motam belgisi sifatida yarmiga tushirilganini sharmandalik deb atadi.
“Biz buni albatta qilmaymiz”, deb ta’kidladi AQSH Davlat kotibi.
Senator, shuningdek, Blinkendan Raisiyning o‘limidan so‘ng dunyo yaxshiroq bo‘lishiga ishonasizmi, deb so‘radi.
“Uning Prezident sifatidagi dahshatli xatti-harakatlari va ularda endi ishtirok eta olmasligini inobatga olsak, ha. Eron xalqi, ehtimol, yaxshiroq ahvoldadir”, deb javob bergan Davlat kotibi Blinken.
O‘z navbatida, senator Jon Barrasso (Vayoming shtatidan respublikachi) ham Davlat departamentini hamdardlik bildirgani uchun tanqid qilib, qarorni hayratlanarli deb atadi va uni “dahshatli xato” deb ta’rifladi.
“Biz rasmiy hamdardlik bildirdik, biz buni davlatlar, ular bizga qarshi yo yo‘q, dushmanmi yoki aksi, yetakchilarini yo‘qotganda qilamiz”, deb javob bergan Blinken.
20 may kuni Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi AQSH ma’muriyati Eron prezidentining vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirishini odatiy amaliyot deb atadi.
Ma’lumot uchun, 19 may kuni Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatida Eron Prezidenti o‘tirgan vertolyot halokatga uchradi. Unda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati hokimi Malik Rahmati va Tabriz shahrining imomi Muhammad Ali Ale Hoshem ham bo‘lgan. Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbari Pir Husayn Kolivandning aytishicha, halokatda vertolyotning barcha yo‘lovchilari va ekipaj a’zolari halok bo‘lgan. Eron vitse-prezidenti Mohsin Mansuriy prezident va unga hamrohlik qilayotganlarning o‘limi haqidagi xabarlarni tasdiqladi.
Eronning amaldagi vitse-prezidenti Muhammad Moxber vaqtinchalik Eron Prezidenti bo‘lishi ma’lum qilingandi. Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Bageri Kani esa sobiq tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon vafotidan keyin vaqtinchalik tashqi ishlar vaziri vazifani bajaruvchi etib tayinlandi. Mamlakat parlamenti Ichki ishlar qo‘mitasi raisi Muhammad Solih Jokar Eronda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari kelasi 50 kun ichida bo‘lib o‘tishi kerakligini aytdi. Respublika saylov shtabining matbuot kotibi Muhsin Islomiy Eronda muddatidan oldin prezidentlik saylovlari 28 iyun kuni bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Prezident Ibrohim Raisiy va uning hamrohlari vertolyot halokatida vafot etgani munosabati bilan 5 kunlik motam e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, 21 may kuni Tabriz shahrida Ibrohim Raisiy va unga hamrohlik qilgan rasmiylar bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tgandi. 22 may kuni Eron poytaxti Tehron shahrida Prezident Ibrohim Raisiy bilan vidolashuv marosimida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etishi ma’lum qilindi.
LiveBarchasi