Ularga jazo yo‘qmi? — IIO xodimlari vahshiylarcha do‘pposlab, o‘ldirgan fuqaroning rafiqasi

3-sahifa

image

Avvalroq, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida ichki ishlar xodimlari fuqaro Hasan Xushmatovni kaltaklangani, buning oqibatida u shifoxonada vafot etgani haqida xabar bergan edik.

Holat yuzasidan Bosh prokuratura va Oliy Majlis Senati munosabat bildirdi. BP Denov tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 104 (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) va 206-moddalari (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa marhumning turmush o‘rtog‘i ekani aytilgan ayolning videosi tarqaldi. Ayol voqea qanday bo‘lganini, erining shifoxonadagi ahvolini so‘zlab bergan.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, eri bilan bir-birini rashk qilib janjallashib qolgan. Biroq tez orada juftlik o‘zaro kelishib olib, ishga ketishgan. Keyinroq esa Hasan Xushmatovning singlisi akasining turmush o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qilib, uni ichki ishlar xodimlari majburan olib ketganini aytgan.

“Keyinroq menga qaynsinglim qo‘ng‘iroq qildi “akamni militsiya, qo‘liga kishan solib, majburlab olib ketdi”, dedi. Men militsiyaxonaga chopdim. Erimni ko‘rsatishmadi. “Nega olib keldilaring, katta janjal bo‘lgani yo‘q-ku, nega majburlab olib keldilaring?” dedim. “Uchastkavoy” ruxsat bersa ko‘rasan, deyishdi. “Uchastkavoy” Meliqul akaga telefon qildim, zor yig‘ladim. Undan nega majburan olib ketishganiin so‘radim. U “Aralashma, sening ishing bo‘lmasin, ering “nadzor”da turadi”, dedi. Nega olib ketdilaring, kim ruxsat berdi deganimda “aralashma”, deb telefonni o‘chirib qo‘ydi”, deydi ayol.

U kechgacha IIB binosi oldida o‘tirib, kechki payt uyga ketgan. Ertasi kuni ishdaligida esa qaynsinglisi telefon qilib, turmush o‘rtog‘i shifoxonadaligini aytgan. 

“Qo‘limda bolam bilan uchib yetib bordim. Borsam, erim bir ahvolda... Hayvonlarcha urgan uni, odam bolasi bunday urmaydi. Tanasining o‘ng tomoni ezilgan, boshi yorilgan, lablari shishgan. Erkaklik joylarigacha yorib tashlagan. Odam ham shunchalik vahshiylik qiladimi? Ikkita bolam bilan qayerga boraman? Organ ishida shunday qilsin, deb o‘qitmaganku. Birovni o‘ldirishi mumkinmi, ularga jazo yo‘qmi?” deydi ayol zorlanib.

Ayol turmush o‘rtog‘isiz, ikki bolasi bilan ko‘chada qolganini aytib nola qilgan. U voqeaga 18 kun bo‘lsa ham chora ko‘rilmayotganiga norozilik bildirgan.

Ma’lumot uchun, Bosh prokuratura ichki ishlar xodimlarining o‘limga olib kelgan vahshiyligi bo‘yicha voqeadan 18 kun o‘tib rasmiy xabar berdi. Biroq jinoyat ichi qachon ochilganiga aniqlik kiritmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

435

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing