Ukrainaning YeIga kirishi ittifoqni yo‘q qiladi – “Bloomberg”
Olam
−
13 iyun 2022
12340Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga to‘liq a’zo bo‘lishi tashklot uchun ko‘plab yangi muammolarni keltirib chiqaradi. Bu haqda “Bloomberg” yozmoqda.
“Hech qachon yaxshi boshqaruv modeliga ega bo‘lmagan Yevropa Ittifoqi qulashi yoki hatto parchalanishi ham mumkin”, deya ta’kidlagan sharhlovchi Andreas Klut.
Muallif ogohlantirish Moldova, Gruziya, Albaniya, Shimoliy Makedoniya va boshqa mamlakatlarning YeIga a’zo bo‘lishiga ham tegishli ekanini qo‘shimcha qilgan.
Uning fikricha, ularni Yevroittifoqqa qo‘shishga shoshilish yomon fikr hisoblanadi.
“Ushbu mamlakatlarning iqtisodiyoti, sud tizimi va boshqa institutlari YeIga kirishga tayyor emas. Bu haqda o‘ylamaslik kerak”, deydi nashr muallifi.
Shuningdek, muallif ittifoqning chalkash va noqulay boshqaruv tizimiga ishora qilgan.
“Muassasalar va komissarlar sonining ortib borayotgani, Bobildagi tillar, urf-odatlar va milliy manfaatlarning betartibligi – eng kichik muammolar. YeIning eskirgan shartnomalari haqiqatga mos kelmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Uning ta’kidlashicha, YeIda “adashgan” a’zolarni chiqarib yuborish mexanizmi yo‘q.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi