Ukrainaning O‘zbekistondagi elchisi missiyasini yakunlamoqda
Jamiyat
−
21 iyul 2025 4301 2 daqiqa
Ukrainaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Mikola Doroshenko Toshkentdagi diplomatik missiyasini yakunlamoqda. Bu haqda u o‘zining Facebook'dagi sahifasida yozdi.
“Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy diplomatik korpus rotatsiyasi doirasida mening O‘zbekiston Respublikasidagi missiyamni yakunlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu mening yurtim, xalqim rahbariyatiga bildirilgan ishonchning eng yuqori darajasi va men buni oqlash uchun bor kuchimni sarfladim. Men chuqur motivatsiya va bor kuchim bilan Ukraina va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishga hissa qo‘shdim.
Men o‘z ishimga baho qo‘yish huquqini boshqalarga qoldiraman, faqat o‘zimga o‘zim aytamanki, men qilgan ishimdan uyalmayman. Men vatanim uchun og‘ir davrda – urush davrida davlat manfaatlarini ifodalash va himoya qilish sharafiga muyassar bo‘ldim”, deb yozdi elchi.
Shuningdek, u Ukraina 11 yil oldin og‘zaki hujumga uchragani, “urush e’lon qilmasdan, uning hududiga o‘nlab yillar davomida o‘zlarini aka-uka deb ataganlar aslida Qobil bo‘lib chiqqani”ni qayd etgan.
“Bu haqiqat haqida gapirish, o‘zbek jamiyatiga haqiqatni yetkazish, ularga Ukraina bugun qanday yashayotgani, uning o‘g‘il-qizlari qanday va nima uchun halok bo‘layotganini tushuntirish mening burchim edi.
Umid qilamanki, mening mehnatim tufayli o‘zbek muhitida haqiqat urug‘lari ko‘proq unib chiqadi. Shunga qaramay, men bu haqiqat uchun kurashda mening urug‘im unib chiqqanini aniq bilaman”, deydi u.
Elchi hamkorligi va Ukrainani qo‘llab-quvvatlagani uchun barchaga minnatdorlik bildirgan, o‘zgarmas qo‘llab-quvvatlash va yordam uchun turmush o‘rtorg‘i Natalya Doroshenkoga alohida rahmat aytgan.
Ma’lumot uchun, Mikola Doroshenko 2020 yil iyuldan beri Ukriananing O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi sifatida ishlab kelayotgandi. U 2020 yil 1 iyul kuni O‘zbekistonning o‘sha paytdagi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovga ishonch yorliqlari nusxalarini taqdim qilgan. 2020 yilning 16 oktyabr kuni “Ko‘ksaroy” qarorgohida xorijiy davlatlarning O‘zbekistonga yangi tayinlangan elchilari qatorida Doroshenko ham Prezident Shavkat Mirziyoyevga ishonch yorliqlarini topshirgan. Uning elchiligi davrida O‘zbekiston bir necha bor Ukrainaga insonparvarlik yordami jo‘natdi va ukrainalik bolalar yoz oylarida O‘zbekistondagi lagerlarda dam oldi.