Ukrainaliklarning Yevropaga qochishi kamaydi –  Frontex

Olam

image

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri olti milliondan ortiq ukrainalik Vatanini tark etdi. Bu haqda Yevropa tashqi chegaralarni himoya qilish agentligi (Frontex) ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 24 fevraldan keyin respublikani tark etgan Ukraina aholisining uch milliondan ortig‘i Polshaga, bir milliondan ortig‘i Moldovaga kelgan.

Agentlikka ko‘ra, so‘nggi paytlarda Ukraina hududini tark etgan qochqinlar soni bir necha baravar kamaygan. Agar maxsus operatsiyaning dastlabki 10 kunida Yevropa Ittifoqi chegaralarini har kuni 125 mingga yaqin kishi kesib o‘tgan bo‘lsa, hozirda ular soni 34 ming nafarni tashkil etmoqda.

Shuningdek, so‘nggi 10 kun ichida har kuni Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlardan Ukrainaga o‘rtacha 25 ming kishi sayohat qilgan. Umuman olganda, 24 fevraldan buyon bu mamlakatning bir millionga yaqin fuqarosi Ukrainaga kirgan.

21 aprel kuni Rossiya Milliy mudofaa nazorati markazi rahbari Mixail Mizinsev 24 fevraldan beri Ukraina, Donetsk va Lugansk xalq respublikalarining 908 907 nafar aholisi Rossiyaga evakuatsiya qilinganini aytgan edi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

7

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing