Ukrainaga NATO arsenalidagi eng zamonaviy jangovar mashina beriladi
Olam
−
31 may 2023
8061Ukrainaga NATOni himoya qiladigan eng zamonaviy piyodalar jangovar mashinasi (PJM) beriladi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Shvetsiya Ukraina uchun CV-90 piyodalar jangovar mashinalarini berishga rozi bo‘lgan.
"Bu shved sheriklarimizning yana bir kuchli yordami bo‘ladi. Zirhli mashinalar NATOga a’zo bir qator davlatlar xizmatida", deyiladi xabarda.
Mudofaa vazirligi, shuningdek, Ukraina harbiylari mazkur PJMlarni o‘zlashtirish jarayonini yakunlayotganini qo‘shimcha qilgan. Avvalroq, may oyining o‘rtalarida Shvetsiya Ukrainaga 50 ta CV-90 PJMlari va Archer o‘ziyurar gaubitsalarini yuborishga tayyorlanayotgani aytilgandi.
Ma’lumot uchun, CV-90 piyodalar jangovar mashinalari Shvetsiyada o‘tgan asrning 80-yillaridan 90-yillariga qadar ishlab chiqarilgan va xizmatga 90-yillar o‘rtalaridan boshlab jalb qilingan. Ukraina urushidan avval Afg‘onistondagi harbiy harakatlarda hamda AQSHning Liberiyadagi harbiy missiyasi doirasida qo‘llanilgan. Ishlab chiqarilgan mashinalarning umumiy soni 1280 tani tashkil etadi. SM-90 15 ta shved zirhli mashinalari oilasidan biri hisoblanadi. Uch kishilik ekipaj va yana 7-8 kishilik shaxsiy tarkib unga joylashishi mumkin.
Mashinaning og‘irligi 23-37 tonnani, uzunligi 6,5 metr, kengligi 3,1, balandligi 2,7 metrni tashkil qiladi. PJM 40 millimetr kalibrli Bofors L/70 avtomatik zambaragi va 35 millimetr kalibrli Bushmaster yarimavtomatik zambaragi bilan qurollantirilgan. Shuningdek, 7,62 millimetr kalibrli Kulspruta m/35 pulemyoti hamda ikki kilometrgacha masofadagi havo nishonlari va besh kilometr uzoqlikdagi yer nishonlariga zarba berish imkonini beruvchi termal ko‘rish vositalariga ham ega. Mashina maksimal tezligini soatiga 70 kilometrgacha yetkazishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Shvetsiya ukrainalik uchuvchilarga qiruvchi samolyotlarda uchishni o‘rgatishi xabar qilingandi.