Shvetsiyada vikinglar davriga oid katta xazina topildi
Olam
−
15:04 650 2 daqiqa
Shvetsiyada vikinglar davri va ilk o‘rta asrlarga oid 24 mingdan ortiq kumush tanga hamda boshqa buyumlardan iborat katta xazina topildi. Bu haqda Shvetsiya Milliy meros kengashi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Ho‘rningsholm xazinasi” 2025 yil avgust oyida So‘dertälje munitsipalitetining Mo‘rko‘ hududidagi Ho‘rningsholm 2:7 yer maydonidan topilgan. Topilma tarkibida taxminan 24 ming 100 ta kumush tanga va 144 ta boshqa buyum bor.
Xazinaning asosiy qismini kumush buyumlar tashkil etadi. Shuningdek, undan zarhal buyumlar va oz miqdorda oltin buyumlar ham topilgan. Topilmalarning umumiy holati yaxshi ekani aytilmoqda. Xazinani topgan shaxs topilma haqida tezda viloyat ma’muriyatiga xabar bergan. Shu orqali u qonunchilikda belgilangan majburiyatlarini bajargan.
“Ho‘rningsholm xazinasi” Shvetsiya hududidan hozirgacha topilgan eng yirik tanga xazinasi hisoblanadi. U mamlakatning dastlabki iqtisodiyoti, uzoq masofalardagi aloqalari va yozma manbalarda kam yoritilgan davrdagi jamiyat tuzilishi haqida yangi ma’lumotlar berishi mumkin.
Xazina tarkibida juda kam uchraydigan yepiskop tangalarining ko‘pligi ham qayd etilgan. Shvetsiya Milliy meros kengashi xazinani 4 million krona (taxminan 400 ming dollar) tovon puli evaziga davlat tomonidan qabul qilib olishga qaror qilgan.
Kengash vakili Magnus Larssonning aytishicha, tovon miqdorini belgilashda topilmaning juda yuqori tarixiy-madaniy qiymati hamda xazinani aniqlagan shaxs uchun adolatli va mas’uliyatli tovon belgilash zarurati hisobga olingan.
Shvetsiya Milliy meros kengashi qadimiy topilmalarni qonunchilikka muvofiq ravishda tegishli idoralarga xabar qilish va ularni asrab-avaylash muhimligini ta’kidladi. Bu orqali topilmalar saqlanishi, o‘rganilishi va jamiyat manfaatiga xizmat qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ishchilar Dunay tubidan tasodifan 2200 yillik tarixga ega, 500 ta temir yombidan (slitok) iborat xazinani topgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi