Ukrainadagi maktab binosiga dron hujum qildi. O‘qituvchilar halok bo‘lgan
Olam
−
23 avgust 2023
4994Rossiya qo‘shinlari Ukrainadagi maktab binosiga hujum qilishi oqibatida ikki nafar o‘qituvchi halok bo‘ldi. Bu haqda Ukraina Ichki ishlar vaziri Igor Klimenko xabar berdi.
“Sumi viloyatining Romni shahrida ruslar maktabni vayron qildi va kamida 2 nafar pedagogni o‘ldirdi, yana 3 kishi jarohatlangan. Muassasaning 2 nafar xodimi vayronalar ostida qolgani haqida ma’lumotlar bor”, deb yozadi Klimenko o‘z Telegram-kanalida.
Mamlakat Bosh prokuraturasiga ko‘ra, maktab binosiga dron hujumi bugun, 23 avgust kuni soat 10:00 atrofida uyushtirilgan. Hozirda qutqaruvchilar vayronalar ostida qolgan odamlarni qidirish ishlarini davom ettirmoqda.
Aytish joiz, Ukraina kuchlari ham bugunning o‘zida Rossiyaning 3 ta hududiga uchuvchisiz uchoqlar bilan hujum qildi. Ulardan biri Mojaysk tumanida urib tushirilgan bo‘lsa, ikkinchisi Moskva shahrida qurilayotgan binoga kelib urilgan. Uchinchi dron esa Ximki viloyatida yo‘q qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 1, 6, 9, 10, 11, 18, 20, 21 va 22 avgust kunlari ham uchuvchisiz qurilmalar yordamida Moskvaga hujumlar uyushtirilgandi. 18 avgustdagi hujumda dron parchalari “Moskva Siti”dagi “Ekspomarkaz” zonasiga tushgandi.
LiveBarchasi