Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng Rossiyada qancha veb-sayt bloklangani aytildi

Texnologiya

image

Rossiyada Ukraina bilan harbiy nizo boshlanganidan keyin 3000 dan ortiq internet-sayt – yangiliklar nashrlari, ijtimoiy tarmoqlar, jamoat tashkilotlari, savdo va IT-kompaniyalar bloklandi. Bu haqda “Roskomsvoboda” inson huquqlari loyihasi tadqiqotchilari ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, aksariyat onlayn-sahifalarga kirish Rossiya Bosh prokuraturasi talabiga binoan cheklangan. 

“Tegishli ma’lumotlarni taqiqlangan narsalar reyestriga kiritishning asosiy tashabbuskori Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi edi, ammo alohida hollarda bir nechta viloyat sudlari bu jarayonda ishtirok etdi”, deyiladi xabarda.

Xususan, mart oyida Bosh prokuratura Twitter, Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlaridan foydalanishni taqiqladi. Ularning egasi – Meta kompaniyasi “ekstremistik” deb tan olindi. Taqiqlangan resurslar ro‘yxatiga ko‘plab media saytlari ham kirdi. Ayrimlari esa Bosh prokuraturaning turli qarorlari bilan ikki marta bloklandi. 

“Global va mintaqaviy ko‘plab yirik axborot agentliklari va telekanallari harbiy senzuraga uchradi va “Exo Moskva”, “Novaya gazeta” hamda “Dojd” o‘z faoliyatini butunlay to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Znak.com’ning Yekaterinburg nashri ham xuddi shunday taqdirga duchor bo‘ldi . Keyinchalik “Novaya”, “Novaya Gazeta Europe” loyihasini ishga tushirdi, ammo yaqinda u ham harbiy senzura ostida qoldi”, deya ta’kidladi tadqiqotchilar.

Xabarga ko‘ra, bir nechta onlayn kinoteatrlar va qaroqchilik saytlari ham taqiqlangan resurslar reyestriga kiritilgan. Bunga ushbu saytlarda Ukrainaga aloqador ijobiy ma’lumotlarning e’lon qilinishi sabab bo‘lgan. Xuddi shu sababga ko‘ra, savdo va IT-kompaniyalarning internet-saytlari ham taqiq ostida qolgan.

“Bloklash har doim ham u yoki bu noxush hikoyaning oxiri emas. Afsuski, ko‘pincha ma’lum saytlar egalari real hayotda ta’qib qilinadi, ularga nisbatan ma’muriy va hatto jinoiy ish qo‘zg‘atiladi”, deya afsus bilan qayd etdi “Roskomsvoboda”.

Ma’lumot uchun, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning mart oyida Rossiya Federatsiyasining xorijda faoliyat yuritayotgan har qanday davlat organlari to‘g‘risida yolg‘on ma’lumot berganlik uchun jinoiy jazoni nazarda tutuvchi qonunni imzolagan edi. Ushbu qonunga ko‘ra, Rossiya qurolli kuchlari faoliyati to‘g‘risida yolg‘on ma’lumot tarqatish 1,5 million rublgacha jarima yoki 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

8

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing