Ukrainada urush boshlanganidan beri qancha askar halok bo‘lgani aytildi

Olam

image

Ukrainada urush boshlanganidan beri har ikki tomondan halok bo‘lgan yoki yaralangan askarlar soni 500 mingga yaqinlashdi. Bu haqda Amerika razvedkasiga tayanib, “The New York Times” gazetasi xabar berdi.

Rasmiylarning ogohlantirishicha, qurbonlar sonini taxmin qilish qiyinligicha qolmoqda, chunki Moskva urushda halok bo‘lganlar va yaralanganlarni muntazam ravishda kam hisoblaydi, rasmiy Kiyev esa raqamlarni oshkor qilmaydi.

Manbaga ko‘ra, Rossiya harbiylarining qurbonlari soni 300 mingga yaqinlashmoqda, jumladan, 120 ming kishi halok bo‘lgan va 170 mingdan 180 ming nafargacha harbiy jarohat olgan. Ukrainada halok bo‘lganlar soni 70 mingga yaqinlashgan, yaralangan askarlar soni 100 mingdan 120 minggacha yetgan bo‘lishi mumkin.

AQSH  razvedkasi qurbonlar soni Ukraina joriy yil boshida qarshi hujum uyushtirganidan keyin ko‘payganini bildirgan.

Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak NYT’dagi maqolani sharhlar ekan, bunday raqamlarni faqat Bosh shtab oshkor qilishi mumkinligini aytgan.

“Biz shunday modelni qabul qildikki, faqat Bosh shtab yaradorlar, nogironlar, qo‘l-oyoqlarini yo‘qotganlar, bedarak yo‘qolganlar va, albatta, bu urushda halok bo‘lganlar soni to‘g‘risidagi raqamlarni aytishga haqli”, degan u kecha, 18 avgust kuni jurnalist Yuliya Latininaning Youtube-kanalidagi jonli efirda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ukraina Bosh prokuraturasining urush davrida sodir etilgan jinoyatlarga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i Yuriy Belousov Ukrainada urush boshlanganidan buyon 10,7 ming tinch aholi halok bo‘lgan va 15,5 ming fuqaro jarohatlanganini aytgandi. UNICEF esa Ukrainadagi urushda har kuni 20 nafargacha bola halok bo‘layotganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, mamlakatda urush oqibatida 50 mingga yaqin odam bir yoki bir nechta tana a’zosidan ayrilgani  ochiqlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina urush qurbonlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing