Urushda kuniga 20 nafar bola halok bo‘ladi – UNICEF

Olam

image

2005 yildan buyon dunyo bo‘ylab kamida 120 000 bola mojarolarda jarohatlangan yoki o‘ldirilgan. Bu kuniga 20 nafar bolaga to‘g‘ri keladi. Bu haqda bugun, 5 iyun kuni BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF)ning Oslodagi qurolli mojarolarda bolalarni himoya qilishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyasida ma’lum qilindi.

“Har bir urush bolalarga qarshi urushdir”, degan UNICEF ijrochi direktori Ketrin Rassel. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat urushlarda bolalarni yaxshiroq himoya qilish uchun hali ham harakat qilmayapti. UNICEF Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasidagi 30 dan ortiq mojarolar haqida ma’lumot to‘plagan. Ushbu inqirozlar davrida bolalar huquqlarining 315 ta jiddiy buzilishi qayd etilgan. Xususan, mojarolarda kamida 105 ming bola askar sifatida foydalanilgan, 16 mingdan ortiq qiz va o‘g‘il bolalar jinsiy zo‘ravonlikka uchragan, 32,5 mingdan ortiq bola nizolashayotgan taraflar vakillari tomonidan o‘g‘irlangan. Shuningdek, zarar ko‘rgan bolalarning haqiqiy soni ancha yuqori bo‘lishi ham mumkin. Bundan tashqari, BMT maktablar va shifoxonalarga 16 mingdan ortiq hujumni qayd etgan.

UNICEF xalqaro bolalar tashkiloti urushda bolalarni himoya qilish bo‘yicha mavjud xalqaro qonunlar va me’yorlarga rioya qilishga chaqirgan. Boshqa narsalar qatorida aholi turar joylarida portlovchi qurollardan foydalanishni taqiqlash, bolalarga qarshi jinoyat sodir etganlarni javobgarlikka tortish zarur ekani ta’kidlangan. Bundan tashqari, bolalarni himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni qabul qilish uchun zarur moliyaviy resurslarni ajratish kerakligi aytilgan. 

Xususan, UNICEF’ning urushdan vayron bo‘lgan hududlardagi dasturlari, jumladan, minalardan himoya qilish bo‘yicha treninglar va jinsiy zo‘ravonlik qurbonlariga yordam ko‘rsatish bir necha million bolani qamrab oladi. Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yilgacha bolalarni oilalar bilan birlashtirish, psixologik yordam ko‘rsatish va bolalarning qurolli guruhlar tomonidan yollanishini to‘xtatish uchun 1,37 million dollar kerak bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

bolalar UNICEF

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing