Gaitidagi jinoyatchilarning yarmi bolalar – UNICEF

Olam

image

Gaitida qurolli guruhlar tomonidan yollangan bolalar soni bir yil ichida 70 foizga ko‘paydi. Bu haqda UNICEF hisobotida ma’lum qilingan.

Gaitida siyosiy beqarorlik bir necha o‘n yillar davomida kuzatilgan, ammo so‘nggi oylarda bu mamlakatda zo‘ravonlik avj olgan. Hozirda to‘dalar poytaxt Port-o-Prensning 80 foizini nazorat qilmoqda.

“2023 va 2024 yillarning ikkinchi choraklari o‘rtasida qayd etilgan misli ko‘rilmagan o‘sish zo‘ravonlikdan aziyat chekkan Karib dengizi orolidagi bolalarni himoya qilish inqirozining kuchayganidan dalolat beradi”, deyilgan UNICEF bayonotida.

UNICEF bolalarni yollashning kuchayishini zo‘ravonlikning kuchayishi, keng tarqalgan qashshoqlik, ta’limning yetishmasligi va muhim infratuzilmaning deyarli butunlay yo‘q qilinishi bilan izohlagan. Qolaversa, tashkilot tomonidan hozirda qurolli guruhlar a’zolarining yarmi bolalardan iboratligi ham ta’kidlangan.

UNICEF ijrochi direktori Ketrin Rassell ushbu bayonotga qo‘shimcha munosabatini bildirgan.

“Gaitidagi bolalar ayanchli siklga tushib qolishdi – ular o‘zlarining umidsiz ahvoliga hissa qo‘shadigan qurolli guruhlarga jalb qilinmoqda va ularning soni ortib bormoqda”, degan u.

Eslatib o‘tamiz, 4 oktyabr kuni markaziy Gaitida qurolli to‘da hujumi oqibatida 70 kishi halok bo‘lgandi. Ular orasida uch nafar chaqaloq ham bo‘lgan. Qayd etilishicha, hujum oqibatida kamida 16 kishi, jumladan, ikki to‘da a’zosi Gaiti politsiyasi bilan otishma chog‘ida jiddiy jarohat olgan. Ular kamida 45 uy va 34 avtomobilni yoqib yuborgan. Zo‘ravonlik tufayli 6 mingdan ortiq odam o‘z uylarini tark etgan.

Muhammad Hodiyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

UNICEF Gaiti jinoyatchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing