Gaitida qurolli to‘daning qasos hujumida kamida 11 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
08:52 539 2 daqiqa
Gaitining markaziy Artibonit hududida xavfsizlik operatsiyasidan keyin qurolli bandalarning qasos hujumi oqibatida kamida 11 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa kecha, 28 sentyabr kuni sodir bo‘lgan. Mahalliy mer Huber Seneakning aytishicha, qurolli bandalar aholi yashaydigan hududga hujum qilib, odamlarni o‘ldirgan va uylarni yoqib yuborgan. U halok bo‘lganlar soni 11–12 nafar ekanini ma’lum qilgan.
Hodisadan oldin kun davomida BMT ko‘magidagi Ganglarni bostirish kuchlarining Shri-Lanka bo‘linmasi noqonuniy pul yig‘ish punktlarini tashkil qilgan banda a’zolariga qarshi operatsiya o‘tkazgan. Kuchlar bayonotiga ko‘ra, operatsiya natijasida 3 nafar banda a’zosi o‘ldirilgan.
Merning aytishicha, BMT ko‘magidagi kuchlar hududda bir necha soat qolganidan so‘ng o‘zlari joylashgan Gonaiv shahriga qaytib ketgan.
“Zo‘ravonlar qasos sifatida hujum qilib, odamlarni o‘ldirdi va uylarni yoqib yubordi”, degan Seneak.
Gaiti Inson huquqlarini himoya qilish milliy tarmog‘i rahbari Rozi Dusena qurbonlar va yetkazilgan zararning aniq miqdori hozircha noma’lum ekanini aytgan. U bir oilaning bir nechta a’zosi halok bo‘lgani haqida ma’lumot olinganini bildirgan.
Merning ma’lum qilishicha, hujum sodir bo‘lgan hudud Kokorat San Ras qurolli to‘dasining tayanch nuqtalaridan biri hisoblanadi.
Gaitining xavfsizlik bilan bog‘liq inqirozi poytaxt Port-o-Prensdan tashqari hududlarga ham tarqalmoqda. Qurolli to‘dalar mamlakatda o‘z nazorati ostidagi hududlarni kengaytirmoqda.
BMT ko‘magidagi Ganglarni bostirish kuchlarining vakolat muddati ham bu hafta yakunlanishi kerak. Uni uzaytirish masalasi BMT Xavfsizlik kengashida bugun, 29 sentyabr kuni ovozga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Gaiti poytaxti Port-o-Prens yaqinidagi Kenskoff hududida qurolli bandalarning tungi hujumi oqibatida kamida 47 kishi halok bo‘lgan, yana 22 kishi jarohat olgandi.
Live
Barchasi