Gaitida qurolli to‘da hujumi oqibatida 47 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
09:19 517 2 daqiqa
Gaiti poytaxti Port-o-Prens yaqinidagi Kenskoff hududida qurolli bandalarning tungi hujumi oqibatida kamida 47 kishi halok bo‘ldi, yana 22 kishi jarohat oldi. Bu haqda BMT xabar qildi.
BMTning Gaitidgi integratsiyalashgan ofisi ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlar soni hali o‘zgarishi mumkin. Poytaxtga olib boruvchi yo‘llar ustidan joylashgan Kenskoff hududi o‘tgan yildan beri qurolli to‘dalarning o‘ndan ortiq hujumiga uchragan va minglab aholi uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
Gaiti huquq himoya tashkiloti RNDDH hujum oqibatida 30–40 kishi halok bo‘lgani, 15–20 kishi jarohatlanganini bildirgan. Hujum mahalliy vaqt bilan soat 22:30 atrofida boshlangan.
Hukumat hujumni “jirkanch jinoyat” deb atab, xavfsizlik choralarini kuchaytirishga va’da bergan. Biroq mahalliy aholi politsiya xodimlari qurbonlarni himoya qila olmaganini bildirib, hududiy politsiya rahbarining iste’fosini talab qilgan.
Kenskoffda 2025 yil boshida ikki oy davomida sodir bo‘lgan hujumlarda BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 260 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 200 ta uy vayron qilingan yoki yoqib yuborilgan va 3 ming kishi o‘z uyini tark etgan. Keyingi davrda ham bu yerda zo‘ravonlik, odam o‘g‘irlash, uylarga o‘t qo‘yish va chorva mollarini o‘g‘irlash kabi holatlar davom etgan.
Hudud Peton-Vilga olib boruvchi yo‘llar yaqinida joylashgan bo‘lib, u yerda bir qator elchixonalar, qimmat mehmonxonalar va hukumatning vaqtinchalik qarorgohi bor. Zo‘ravonlikning kuchayishi Gaitining dekabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan prezidentlik saylovlariga ham ta’sir qilishi mumkin. Bu mamlakatda qariyb o‘n yil ichidagi birinchi saylov bo‘lishi kutilmoqda.
BMT ko‘magida tashkil etilgan Bandalarga qarshi kurashish kuchlari kuzga qadar 5,5 mingdan ortiq harbiyga yetkazilishi rejalashtirilgan. Ular Gaiti politsiyasiga qurolli bandalarga qarshi kurashda yordam berishi kerak.
Live
Barchasi