UNICEF O‘zbekistonda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan qonunni olqishladi
Jamiyat
−
10:38 294 2 daqiqa
UNICEF’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi Joffri Ijumba bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun imzolanganini olqishlab, uning ahamiyati haqida fikr bildirdi.
“Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Har bir bola xavfsiz muhitda, qadr-qimmati hurmat qilingan va huquqlari himoyalangan holda voyaga yetish huquqiga ega”, deydi u.
Joffri Ijumbaning aytishicha, qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, ta’lim muassasalarida javobgarlik choralarini kuchaytirish orqali bolalar himoyasini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, Barnahus modeli asosida tashkil etilgan “Najot” markazining yaqin orada ochilishi zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga muvofiqlashtirilgan, ularning ehtiyojlariga mos yordam ko‘rsatish yo‘lidagi muhim qadam sifatida qayd etilgan. UNICEF islohotlarni amaliyotga samarali tatbiq etish uchun davlat idoralari, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 oktyabr kuni Prezident “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzolagan edi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 14 yoshga to‘lmagan bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq jazosi tayinlanadi. Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyat sodir etganlarga shartli hukm qo‘llanilmaydi. Shuningdek, bunday jinoyatlar uchun jazoni muddatidan ilgari shartli ozod qilish imkoniyati ham cheklanadi. Jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan advokat ajratiladi.
Live
Barchasi