3 millionga yaqin bolaning hayoti xavf ostida: Ebola “qutiryapti”
Olam
−
22 iyul 1620 2 daqiqa
Kongo Demokratik Respublikasining sharqiy qismida Ebola bilan kasallanganlar soni qariyb 1000 nafarga yetdi. Kasallik tarqalishi oqibatida qariyb 3 million nafar voyaga yetmagan bolalar xavf ostida qolmoqda. Bu haqda UNICEF xabar berdi.
UNICEF ijrochi direktori Ketrin Rasselning aytishicha, Ituri provinsiyasida Ebola sabab onasidan, ayrim hollarda esa har ikki ota-onasidan ayrilgan bolalar uchramoqda.
“Bolalar mish-mishlar va internetdagi noto‘g‘ri ma’lumotlar orasida ushbu xavfni tushunishga harakat qilmoqda”, deydi u.
Joriy yil 19 iyun holatiga ko‘ra, bolalar va o‘smirlar tasdiqlangan Ebola holatlarining qariyb 15 foizini, kasallikdan vafot etganlarning esa 25 foizdan ortig‘ini tashkil qilmoqda. Mutaxassislar Ebola bilan kasallangan bolalar va o‘smirlarning vafot etish ehtimoli kattalarga nisbatan deyarli ikki barobar yuqori ekanini ta’kidlamoqda.
Kasallikning asosiy o‘choqlari Ituri provinsiyasidagi Mongbvalu, Rvampara va Bunia hududlari bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, Shimoliy Kivu va Janubiy Kivu provinsiyalarida ham kasallanish holatlari qayd etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Iturida Ebola sabab ota-onasidan ayrilgan 135 nafar bolaga psixologik yordam, ijtimoiy xizmatlar va muqobil parvarish choralari ko‘rsatilmoqda. UNICEF ko‘magida Ebola davolash markazida ota-onasi yoki vasiylaridan ajralgan chaqaloqlar va yosh bolalar uchun maxsus bolalar bog‘chasi ham tashkil etilgan. Yaqin vaqt ichida yana ikkita shunday markaz ochilishi rejalashtirilgan.
Tashkilotning qayd etishicha, Ituri hududidagi bolalar epidemiya boshlanishidan avval ham zaif qatlamga mansub bo‘lgan. Besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning yarmidan ko‘pi surunkali to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekadi, emlash darajasi esa pastligicha qolmoqda.
Bundan tashqari, Ebola tarqalishi bolalarni nafaqat kasallik, balki ruhiy bosim, kamsitish va zo‘ravonlik xavfi ostida qoldirmoqda. Kasallik sabab ayrim bolalar tibbiy xizmat, ta’lim, oziq-ovqat, toza suv va sanitariya tizimlaridan foydalanish imkoniyatini ham yo‘qotmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘shni Ugandada ham Kongo Demokratik Respublikasidan kelganlar orasida 20 ta Ebola holati va ikki o‘lim qayd etilgan. Ular orasida bir nafar bola ham bor.
Hozirda UNICEF Kongo Demokratik Respublikasi va Ugandada hukumatlar, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda Afrika kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi bilan hamkorlikda kasallik tarqalishini cheklash, bemorlarni aniqlash, xavfsiz dafn marosimlarini tashkil etish va aholiga zarur yordam ko‘rsatish ishlarini olib bormoqda. Tashkilot Ebola tarqalishiga qarshi kurash va zarar ko‘rgan aholiga yordam ko‘rsatish uchun olti oylik dastur doirasida 70,7 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ so‘ragan. Hozircha ushbu mablag‘ning 20 million dollari yetishmayapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongo Demokratik Respublikasida Bundibugiyo virusi sabab yuzaga kelgan Ebola epidemiyasidan vafot etganlar soni 864 nafarga, tasdiqlangan kasallanish holatlari esa 2,2 ming nafarga yetgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi