Ukraina Jahon bankidan salkam 5 mlrd dollar oladi
Olam
−
23 noyabr
1127Ukraina PEACE loyihasi doirasida Jahon bankidan yana 4,8 milliard dollar oladi. Bu haqda kecha, 22 noyabr kuni mamlakat Bosh vaziri Denis Shmigal X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
“Biz ushbu yordamni moliyalashtirib, mamlakatimiz va xalqimizga o‘ta muhim yordam ko‘rsatayotgan Qo‘shma Shtatlar va rivojlanish bo‘yicha hamkorlardan juda minnatdormiz”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Shu bilan birga, Dpa agentligining qayd etishicha, Rossiya bosqini boshidan beri Ukraina faqat byudjet xarajatlari uchun ittifoqchilaridan 100 milliard dollardan ortiq mablag‘ olgan. Mablag‘larning katta qismi kreditlar ko‘rinishida berilgan.
Yevropa Ittifoqining eng yirik iqtisodiyotlari – Germaniya, Fransiya, Italiya va Ispaniya, shuningdek, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan Buyuk Britaniya AQSHning Kiyevni qo‘llab-quvvatlashi qisqarishi ehtimoli fonida Ukrainaga yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq harbiy va moliyaviy yukni o‘z zimmasiga olishga tayyor. Bu haqda 19 noyabr kuni Polsha Tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy Varshavada yuqoridagi davlatlar Tashqi ishlar vazirlari, YeI Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili lavozimida Jozep Borrelni almashtirishi kerak bo‘lgan estoniyalik Kaya Kallas ishtirokidagi uchrashuv yakunlari bo‘yicha jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qilgan.
“Men Yevropa Ittifoqining eng yirik mamlakatlari AQSHning ishtiroki qisqarishi mumkinligi munosabati bilan Ukrainani harbiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yukini o‘z zimmasiga olishga tayyorligini hurmat bilan qayd etaman”, deya Polsha Tashqi ishlar vazirligi rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltirgan AFP.
Germaniya, Fransiya, Italiya va Polsha Tashqi ishlar vazirlarining Varshavadagi uchrashuvi Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy bostirib kirishi boshlanganidan beri 1000 kunligiga to‘g‘ri keldi. Ushbu tadbirdagi muhim mavzu Donald Tramp Oq uyga qaytganidan keyin Yevropa Ittifoqi va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarning rivojlanishi haqida bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Jahon bankining urushdan jabr ko‘rgan mamlakatni qo‘llab-quvvatlash loyihasi doirasida 1,34 milliard dollar olgani xabar qilingandi. Ukraina uchun ajratilgan qo‘shimcha o‘sha mablag‘lar Jahon bankining Ukrainaga yordam berish, qayta tiklash, qayta qurish va isloh qilish trast fondi orqali o‘tkaziladigan Norvegiya (190 million dollar), AQSH (50 million dollar) va Shveysariya (20 million dollar) pullaridan tashkil topgandi.
LiveBarchasi