Ukraina va Rossiya asirlarni almashdi
Olam
−
14 avgust 3444 2 daqiqa
Bugun, 14 avgust kuni Ukraina va Rossiya navbatdagi asirlar almashinuvi o‘tkazdi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
Prezident Zelenskiyga ko‘ra, Ukrainaga 84 kishi harbiylar va tinch aholi vakillari qaytgan.
“Ular orasida 2014, 2016 va 2017 yillardan beri rossiyaliklar tomonidan ushlab turilganlar ham bor, jumladan Mariupol himoyachilari. Ularning barchasiga tibbiy yordam va katta reabilitatsiya zarur”, deya yozgan Zelenskiy.
Ukraina Asirlar ishlari bo‘yicha koordinatsiya shtabi ma’lumotiga ko‘ra, ozod qilinganlar orasida 33 nafar harbiy va 51 nafar oddiy fuqaro ham bor. Ular orasida Rossiyada 10 yildan 18 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinganlar ham bo‘lgan. Masalan, 2019 yilda Donbassda qo‘lga olingan boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi va 2016 yilda 18 yoshida hibsga olingan 27 yoshli yigit ozod etilgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi ham 84 nafar rossiyalik harbiy asir qaytarilganini, hozir ular Belarus hududida psixologik va tibbiy yordam olayotganini bildirgan.
Har ikki tomon ham almashinuvni tashkil etishda Birlashgan Arab Amirliklarining vositachilik rolini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, 23 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan Chirog‘on saroyida Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida uchinchi raund muzokaralari bo‘lib o‘tgandi. Uchrashuvda ular Ukraina tomonidan ushlab turilgan fuqarolar, xususan Kursk viloyatidagi 30 kishining qaytarilishi, Rossiya yana Ukrainaga 3 ming jasadni topshirishi, harbiy asirlar almashuvi haqida kelishuvlar imzolagandi.
Live
Barchasi