Rossiya va Ukraina nimalarga kelishib oldi?

Olam

image

Kecha, 23 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan Chirog‘on saroyida Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida uchinchi raund muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda tomonlar oldingi (2 iyundagi) uchrashuvda almashilgan muhokama memorandumlari bo‘yicha fikr almashdi.

Muzokaralarda Rossiya delegatsiyasiga Prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy, Ukraina tomoniga esa yaqinda Ukraina Xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi etib tayinlangan Rustam Umarov boshchilik qildi. Muzokaralarda asosan avvalgi uchrashuvda almashilgan memorandumlar muhokama qilindi.

Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy quyidagilarni e’lon qildi:

  • Uchta onlayn ishchi guruh tuzish – siyosiy, gumanitar va harbiy yo‘nalishlarda;
  • 24-48 soatlik qisqa muddatli o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvlari joriy qilish – yaradorlarni olib chiqish va halok bo‘lganlar jasadini evakuatsiya qilish uchun;
  • Ukraina tomonidan ushlab turilgan fuqarolar, xususan Kursk viloyatidagi 30 kishining qaytarilishi;
  • Rossiya yana Ukrainaga 3 ming jasadni topshirishi;
  • Harbiy asirlar almashuvi;
  • Prezidentlar darajasida uchrashuv o‘tkazish uchun avval aniq tinchlik bitimi ishlab chiqilishi.

Ukraina tomoni esa Prezidentlar darajasida, ya’ni Zelenskiy va Putin ishtirokida AQSH Prezidenti Donald Tramp va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an vositachiligida muzokara o‘tkazishni taklif etdi. Kiyevning asosiy talabi – zudlik bilan va to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish. Ukraina, shuningdek, infrastruktura ob’ektlariga hujumlarni to‘xtatishga tayyorligini bildirgan va 3 yildan ortiq asirlikda bo‘lgan 1200 nafar shaxsni almashishni taklif qilgan.

Tomonlar pozitsiyalari hali ham sezilarli darajada farq qilmoqda, ammo ular muzokaralarni davom ettirishga tayyorlik bildirgan. Rossiya tomonidan taqdim etilgan memorandumda hududiy masalalar, Ukraina harbiy kuchlarini qisqartirish va neytral maqomini tasdiqlash kabi shartlar ilgari surilgan bo‘lsa, Ukraina tomonining hujjatida esa o‘t ochishni to‘xtatish va ishonchni mustahkamlash choralariga urg‘u berilgan.

Muzokaralardan so‘ng, bugun, 24 iyulga o‘tar kechasi Moskva va Kiyev bir-biriga qarshi dron hujumlari uyushtirdi.

Ma’lumot uchun, muzokaralarning birinchi raundi 16 may kuni Istanbuldagi Dolmabaxche saroyida bo‘lib o‘tdi. 2 iyun kuni bo‘lib o‘tgan ikkinchi muzokaralar chog‘ida esa Rossiya va Ukraina og‘ir yaralangan askarlar va 25 yoshgacha bo‘lgan asirlarni almashish, shuningdek, urushda halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning 6000 jasadini bir-biriga topshirishga kelishib oldi. Shundan so‘ng, bir qator harbiy asirlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi – xususan, 9, 10, 12, 19, 20, 26 iyun va 4 iyul kunlari. Shu bilan birga, o‘liklarning jasadlarini almashtirish davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Turkiya Ukraina Vladimir Medinskiy Rustam Umarov Chirog'on

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing