Ukraina va Latviya xavfsizlik shartnomasini tuzdi

Olam

image

Ukraina va Latviya Prezidentlari Vladimir Zelenskiy va Edgars Rinkevich bugun, 11 aprel kuni xavfsizlik shartnomasini imzoladi. Bu haqda Ukraina Prezidenti O‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

“Hozirgina Latviya Prezidenti Edgars Rinkevich bilan birgalikda mamlakatlarimiz o‘rtasida xavfsizlik bo‘yicha ikki tomonlama bitimni imzoladik”, deb yozdi Ukraina rahbari.

Hujjatga ko‘ra, Latviya Ukrainaga har yili YAIMning 0,25 foizi miqdorida harbiy yordam ko‘rsatadi. Bundan tashqari, Latviya Ukrainani kibermudofaa, minalardan tozalash, uchuvchisiz texnologiyalar sohasida qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 10 yillik majburiyatni o‘z zimmasiga oladi hamda Ukrainaning Yevropa Ittifoqi va NATOga kirishiga hissa qo‘shadi.

“Rahmat, do‘st Latviya! Ozodlik va mustaqillik uchun kurashimiz aynan mana shu o‘ziga xoslik va prognozni talab qiladi", deb qo‘shimcha qildi Zelenskiy.

Qayd etish joizki, Ukraina Prezidenti hozirda “Trimoriya” sammitida ishtirok etish va hamkor davlatlar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Litvada bo‘lib turibdi. Zelenskiyning ta’kidlashicha, Ukraina uchun hozir asosiysi havo mudofaasini kuchaytirish, mamlakat mudofaa kuchlarining shoshilinch ehtiyojlarini qondirish, shuningdek, xalqaro yordamni mustahkamlashdir.

“Rossiya yovuzligi nafaqat Ukraina uchun, balki Rossiya bilan chegaradosh har bir xalq va xalqaro huquqni qadrlaydigan barcha uchun tahdiddir”, deb yozdi Zelenskiy.

Ma’lumot uchun, "Trimoriya" ("Uch dengiz tashabbusi") – Boltiqbo‘yi, Qora va Adriatika dengizlari bilan chegaradosh Yevropa Ittifoqining 13 ta davlati: Avstriya, Bolgariya, Xorvatiya, Chexiya, Estoniya, Vengriya, Latviya, Litva, Polsha, Ruminiya, Slovakiya, Sloveniya va Gretsiyani o‘z ichiga oladi. 2022 va 2023 yillardan buyon uning tarkibiga Yevropa Ittifoqining ikki hamkor davlati – Ukraina va Moldova ham qo‘shildi.

Bugun, 11 aprel kuni “Uch dengiz tashabbusi” sammiti boshlandi. Litva Prezidenti Gitanas Nausedaning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Asta Skaysgirite “Trimoriya” mintaqasi deyarli NATOning sharqiy qanotiga to‘g‘ri kelgani sababli ham davlatlar uchun muhim masalalar kesishganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sammitning asosiy mavzulari energetika, transport va kiberxavfsizlik bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyi o‘rtalarida Britaniya Kiyev bilan xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risida bitim tuzgan ilk davlat bo‘lgandi. 16-17 fevral kunlari Zelenskiy Germaniya kansleri Olaf Shols va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan ham xavfsizlik majburiyatlari va uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma imzoladi. 24 fevral kuni urushning 2 yilligida G‘arb yetakchilari Kiyevga to‘plangani munosabati bilan Kanada va Italiya hukumatlari Ukraina bilan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha kelishuvga erishdi. Shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen o‘rtasida ham xavfsizlik sohasida hamkorlik va uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida shartnoma imzolandi. 1 mart kuni esa Niderlandiya Bosh vaziri Mark Ryutte Xarkovda Zelenskiy bilan Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzoladi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Latviya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing