Britaniya Kiyev bilan xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risida bitim tuzgan ilk davlat bo‘ldi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak Ukraina NATOga a’zo bo‘lgunga qadar amalda bo‘ladigan xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi. Bu haqda “Yevropeyskaya pravda” xabar berdi. 

NATOning Vilnyusdagi sammitida G7 davlatlari tomonidan deklaratsiya qabul qilingandi. Unga ko‘ra G7 a’zo davlatlarining har biri Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini bergan.

Shunday qilib, Buyuk Britaniya G7 davlatlaridan birinchi bo‘lib tegishli kelishuvni tuzdi.

Xususan, Britaniya rasmiylari tarixiy deb atagan kelishuvda Ukrainaga yangi hujum uyushtirilgan taqdirda Buyuk Britaniya Kiyevga tezkor va uzluksiz mudofaa yordamini ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, shartnoma Buyuk Britaniyaning Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordamini, jumladan, razvedka ma’lumotlarini almashish, kiberxavfsizlik va mudofaa sanoati sohasida hamkorlikni, tibbiyot hamda harbiy xodimlarni tayyorlashni rasmiylashtiradi.

“Bugun Yevropa tarixi o‘zgargan kun. Ukraina va Buyuk Britaniya xavfsizlik bo‘yicha misli ko‘rilmagan yangi shartnoma imzoladi. Bu shunchaki deklaratsiya emas. Bu bizning hamkorligimiz, xususan, Buyuk Britaniyaning buyuk global qudrati tomonidan berilgan xavfsizlik kafolatlari tufayli yuzaga keladigan haqiqatdir”, deya Zelenskiy so‘zlarini keltiradi UNIAN nashri. 

Bundan tashqari, Zelenskiy agar 1991 yilda Ukrainaga shunday kafolatlar berilganida, urush boshlanmasligini qo‘shimcha qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2024 moliya yilida Buyuk Britaniya Ukrainaga 2,5 milliard funt sterling (uch milliard dollardan ortiq) miqdorida harbiy yordam berishi ma’lum qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya Vladimir Zelenskiy Rishi Sunak

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing