Ukraina sulh uchun Rossiyaga yon beradimi? Kuleba javob berdi
Olam
−
17 may 2022
12107Ukraina o‘t ochishni to‘xtatishga erishish uchun, shuningdek, Donbass va Qrim bo‘yicha ham Rossiyaga yon berish niyatida emas. Bu haqda kecha, 16 may kuni Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba “Bloomberg” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda TASS.
“Ukraina sulh uchun nima qilishi kerak, degan savol so‘rash o‘rniga, tegishli savolni Rossiyaga qaratish lozim: Rossiya nima qilishi kerak. Bizga tegishli bo‘lgan hamma narsa biz bilan qolishini istaymiz”, degan u Kiyev sulhga erishish uchun Donbass va Qrim bo‘yicha yon berishlarga boradimi degan savolga javoban.
U Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy ilgari aytib o‘tganidek, Fransiya Ukrainani shunday yon berishga ko‘ndirmoqchi ekani haqidagi taxminlarga izoh bermagan.
“Men Prezidentim murojaat qilgan suhbatda qatnashmadim, shuning uchun bu haqda izoh berolmayman”, deya qo‘shimcha qilgan Ukraina Tashqi ishlar vaziri.
Shuningdek, u G‘arb davlatlari 2014 yilgacha ham, shu yilning 24 fevraligacha ham Ukraina Rossiya Federatsiyasi foydasiga nimadan voz kechishi mumkinligini o‘rganib chiqqanligini ta’kidlagan. Ammo yakunda G‘arb davlatlari fikrini o‘zgartirgan.
“Germaniya, Fransiya va AQSHga bu boradagi qarashlarini o‘zgartirgani uchun minnatdorlik bildiraman. Bizda hali ham ba’zi munozaralar mavjud, ammo prinsipial jihatdan ular bu oq-qora vaziyat ekanligi va sodir bo‘layotgan voqealar uchun aynan Rossiya javobgarligini aniq tushunishadi”, deb ta’kidlagan Kuleba.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Kamronbey Kenjayev
LiveBarchasi