Ukraina Rossiyadan qancha tovon undirmoqchiligi aytildi

Olam

image

Ukraina rasmiylari bosqin natijasida yetkazilgan barcha zarar uchun Rossiyadan tovon undirish niyatida. Bu haqda Ukraina Adliya vaziri Denis Malyuska “Funke” media guruhi nashrlariga ma’lum qildi.

Ukraina Adliya vazirligi rahbarining aytishicha, BMT Bosh Assambleyasida rasmiy Kiyev kelajakda yetkazilgan zararni qoplashning xalqaro mexanizmi asoslanishi kerak bo‘lgan rezolyutsiya qabul qilinishiga erishmoqchi.

“Biz Rossiya agressiv urushi tufayli Ukrainaga yetkazgan barcha yo‘qotishlar uchun tovon olishni istaymiz”, deydi Malyuska.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda mamlakatdagi infratuzilma, uy-joy va sanoat ob’ektlarining vayron bo‘lishidan ko‘rilgan zarar 300 milliard dollardan oshadi.

Mamlakat aholisiga yetkazilgan zararni hozir hisoblab bo‘lmaydi, deydi vazir. U urushda halok bo‘lganlarning yaqinlari ham tovon puli olish huquqiga ega ekanligini qo‘shimcha qilgan.

Malyuskaning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Rossiya bankining G7 mamlakatlarida muzlatilgan aktivlarini qo‘lga kiritishga erishmoqchi. Uning hajmi e’lon qilingan tovon miqdoriga mos keladi. Bundan tashqari, Kiyev Rossiya davlat korxonalarining xorijiy aktivlari va rossiyalik oligarxlarning musodara qilingan mulklariga ham da’vo qilmoqda.

Ukraina o‘z hududiga bostirib kirgani uchun allaqachon Rossiyadan tovon puli talab qilgan. Iyun oyida Ukraina Adliya vazirligi Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, Rossiya qo‘shinlarini to‘liq olib chiqib ketish va agressiya qurbonlariga pul kompensatsiyasi to‘lashni talab qilgan edi. Bosqinning birinchi bosqichida urushdan ko‘rilgan zarar 80 milliard dollarga baholangan.

Iyun oyi boshida Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal urushdan keyin mamlakatni tiklash uchun 750 milliard dollar kerak bo‘lishini ma’lum qilgan edi.  Shuningdek, u rekonstruksiyani moliyalashtirishning asosiy manbai Rossiya Federatsiyasi va rossiyalik ishbilarmonlarning xorijda musodara qilingan aktivlari bo‘lishi kerakligini aytdi.

Sentyabr oyining boshida esa Shmigal Ukraina Rossiyaning keng ko‘lamli hujumi sababli hozirgacha 326 milliard dollar yo‘qotganini ma’lum qildi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

38

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing