Ukraina rasman NATOning Kiber markaziga qo‘shildi
Olam
−
16 may 2023
7148Ukraina bugun, 16 may kuni rasmiy ravishda NATOning kiberxavfsizlik sohasidagi markaziga a’zo bo‘ldi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi Twitter'dagi sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, kibermarkazning vazifasi NATOga a’zo mamlakatlar va ularning raqamli himoya sohasidagi sheriklari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishdan iborat.
“Bugun Tallindagi NATO kiberhimoya markazining qarorgohida Ukraina bayrog‘i rasmiy tarzda ko‘tarilib, uning Kiber markazga a’zoligi belgilandi”, deyiladi Ukraina Tashqi ishlar vazirligi xabarida.
“The Washington Post” nashri shu yilning 15 may kuni bergan xabariga ko‘ra, NATO davlatlari iyul oyida bo‘lib o‘tadigan Vilnyus sammitida Ukrainaga rasmiy ravishda mazkur blokka a’zo bo‘lish taklifini yubormaslikka qaror qilgan.
Nashr xabarida aytilishicha, Shimoliy Atlantika alyansi a’zolari Kiyev bilan hamkorlikni kuchaytirish va uning tashkilotga kirish muddatlarini belgilash imkoniyatlarini muhokama qilmoqda. Biroq NATOning ba’zi a’zo davlatlari uning tashkilotga qo‘shilishini istamayapti. Boisi, bu qaror Kiyevga qilingan qurolli hujumga jamoaviy tarzda javob qaytarish majburiyatini yuklaydi. Bu esa Rossiyaga qarshi to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy nizoga qo‘shilish degani.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina 2022 yilning sentyabr oyida NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirishini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi