Ukraina iqtisodiyotni saqlab qolish uchun “tish-tirnog‘i bilan” harakat qilyapti
Olam
−
20 aprel 2022
9539Ukraina kelasi chorakda milliy iqtisodiyotning ishlashi uchun Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ)dan oyiga 5 milliard dollar so‘ramoqda. Bu haqda bugun, 20 aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida XVJ boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jamg‘arma Kiyev bilan “iqtisodni keyingi uch oy davomida ishlashi” uchun zarur bo‘lgan ehtiyojlarni muhokama qilgan.
“Ular [Ukraina tomoni] oyiga 5 milliard dollarlik ko‘rsatkichni aytib o‘tdi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha noaniqlik bor, lekin biz bu mamlakatning ehtimoliy ehtiyojlaridan tashqariga chiqadi deb o‘ylamaymiz. Biz hamkorlarimiz bilan ushbu yordam turli kanallar orqali safarbar qilinishini ta’minlash uchun ishlayapmiz. Birinchi navbatdagi vazifa Ukrainadagi moliyaviy bo‘shliqni keyingi uch oy ichida to‘ldirish uchun yordam borligiga ishonch hosil qilish”, deydi jamg‘arma rahbari.
Kristalina Georgiyevaning ta’kidlashicha, 5 milliard dollar Ukrainaning rekonstruksiyaga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish uchun emas, balki iqtisodiyotni saqlab qolish uchun zarur.
“Hozirgi bosqichda Ukrainaga grant mablag‘larini berish juda muhim, Chunki iqtisodiyotning zarur tarmoqlari ishlamayapti, biz bu yil Ukraina iqtisodiyotining deyarli 35 foizga qisqarishini taxmin qilmoqdamiz”, deydi u.
Ma’lumot uchun, kecha, 19 aprel kuni e’lon qilingan jahon iqtisodiyoti holati to‘g‘risidagi hisobotida jamg‘arma 2022 yilda Ukraina yalpi ichki mahsulotining 35 foizga qisqarishini bashorat qilgan va 2023 yil uchun hisob-kitoblarni hozircha imkonsiz deb hisoblamasligini ta’kidlagan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi