Ukraina Alisher Usmonovning qariyb 50 mln dollarlik mulkini musodara qildi
Olam
−
28 Sentabr
5701Ukraina Oliy aksilkorrupsiya sudi (VAKS) 25 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda Ukraina Adliya vazirligining rossiyalik biznesmen Alisher Usmonov va uning biznes sheriklariga qarshi da’vosini qondirdi va davlat hisobiga 2 milliard grivnadan ortiq (48 mln 591 ming dollar) miqdordagi mulkni musodara qildi. Bu haqda Ukraina Adliya vaziri o‘rinbosari Inna Bogatix ma’lum qildi.
“Alisher Usmonov Rossiyaning eng ta’sirli tadbirkorlaridan biri bo‘lib, USM asoschisi hisoblanadi. U hamkorlari A.V. Skoch, V.M. Skoch, V.A. Skoch va V.Ya. Streshinskiy bilan birgalikda Rossiya iqtisodiyotining strategik sohalari: metallurgiya, tog‘-kon sanoati, telekommunikatsiya sektori va raqamli texnologiyalarni boshqarishda hal qiluvchi ta’sirga ega”, deb yozadi Inna Bogatix o‘z Facebook sahifasida.
Unga ko‘ra, jami 165 ming tonnadan ortiq temir ruda mahsulotlari hamda ilgari Usmonov nazorati ostida bo‘lgan “Peter-Servіs Ukraїna” MCHJning 100% ustav kapitali (IT kompaniya) Ukriana foydasiga undirilgan.
Bogatixning yozishicha, ayni paytda apellyatsiya muddati davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning Frankfurt-Mayn sudi Bosh prokuratura tomonidan Alisher Usmonovga qarshi tergov harakatlari doirasida Germaniyada olib qo‘yilgan hujjatlar va mol-mulkning saqlanishini noqonuniy deb topib, ularni egalariga qaytarishni buyurgan edi.